Prezident Shavkat Mirziyoyev axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasini rivojlantirishga oid loyihalar taqdimoti bilan tanishdi. Rasmiy xabarga koʻra, taqdimotdagi yangiliklardan biri — fuqaro pasportining raqamli profili boʻlgan.
“Gov Pass mobil ilovasi smartfonga oʻrnatiladi va unda pasport, diplom, mehnat daftarchasi, haydovchilik guvohnomasi kabi koʻplab hujjatlar jamlanadi. Yaʼni fuqaroning barcha hujjatlari doim yonida, telefonda boʻladi. Bu vaqt va pulni tejab, qogʻozbozlikni kamaytirishga xizmat qiladi, ovoragarchiliklarni bartaraf etadi”, — deyiladi xabarda.
Qayd etilishicha, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligiga kelgusi yilda IT tarmoqlar tezligini 1,8 barobar oshirish hamda 1 million qoʻshimcha keng polosali tarmoqlar oʻrnatish vazifasi qoʻyilgan. Bu orqali aholi punktlarining barchasi mobil aloqa va keng polosali internet bilan taʼminlanishi aytilmoqda.
Shuningdek, kelgusi yilda Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali koʻrsatiladigan xizmatlar ulushini 60 foizga yetkazish belgilangan.
Yigʻilishda sunʼiy intellekt markazini ishga tushirishni jadallashtirish, xorijdan IT mutaxassislar jalb etish tartibini soddalashtirish boʻyicha koʻrsatmalar berilgan.
Taʼkidlanishicha, yirik eksporterlar bilan ishlagan holda IT-parklarda xizmatlar eksporti hajmini 2 barobarga — 80 mln dollarga yetkazish moʻljallanmoqda.