Oʻtgan hafta davomida, “Oʻzbekiston respublika tovar-xom ashyo birjasi” AJning barcha savdo platformalarida 2 302,9 mlrd soʻmlik tovarlar sotilgan boʻlib, bu avvalgi haftaga nisbatan 5,6% ga koʻpdir.
Bunda sotuvlarning 79,9% — birja savdolari; 0,1% — koʻrgazma-yarmarka savdolari; 19,8% — elektron davlat xaridlari va 0,2% — avtoraqamlarning onlayn-auksioniga toʻgʻri keldi.
Kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlari ishtirokida tuzilgan bitimlarning umumiy hajmi 1 021,6 mlrd soʻmni tashkil qildi. Davlat xaridlari tizimlarida oʻtkazilgan elektron savdolar natijasida byudjet va korporativ buyurtmachilarining qariyb 53,8 mlrd soʻmlik mablagʻlari tejaldi.
Avtoraqam
Koʻrib chiqilayotgan davr mobaynida onlayn auksion orqali 2 359 ta avtoraqamlar sotildi, sotilgan davlat raqam belgilarining umumiy summasi 5,7 mlrd soʻmni tashkil qildi.
Raqobatli savdolar natijasida bitimlarning:
- 8,2% birinchi toifadagi avtoraqamlarga;
- 11,5% ikkinchi;
- 10,5% uchinchi;
- 13,6% toʻrtinchi;
- 20,3% beshinchi
- 35,9% oltinchi toifa avtoraqamlarga tegishlidir.
Maʼlumot uchun, bundan avvalgi haftada onlayn auksion orqali 5,4 mlrd soʻmlik avtoraqamlar sotilgan edi.