“Soliq kodeksiga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida"gi qonun loyihasi eʼlon qilindi.
Qonun loyihasi qabul qilinishi natijasida elektron tijorat ishtirokchilariga, ularning milliy reyestriga kiritilgan yoki kiritilmaganligidan qatʼi nazar, foyda soligʻi va aylanmadan olinadigan soliq boʻyicha imtiyozlar beriladi.
Yangi barpo etilayotgan bogʻlar, tokzorlar va tutzorlar egallagan yerlarga yuridik shaxslardan olinadigan yer soligʻi boʻyicha imtiyozli davr uch yildan besh yilga uzaytiriladi.
Bolalikdan nogironligi boʻlgan shaxslar hamda I va II guruh nogironligi boʻlgan shaxslar uchun daromad soligʻi boʻyicha belgilangan imtiyoz mehnatga haq toʻlashning eng kam miqdorining 1,41 baravaridan 3 baravarigacha oshiriladi.
Shuningdek, 2022-yil 1-yanvardan 2031-yil 1-yanvarga qadar boʻlgan davrda Qoraqalpogʻiston Respublikasining Moʻynoq tumanidagi mahalliy sanoat, qishloq xoʻjaligi va xizmatlar sohalaridagi tadbirkorlik subyektlariga soliq imtiyozlari beriladi.
Avvalroq 11 oy ichida soliq tushumlari boʻyicha eng yuqori oʻsish Xorazm viloyatida qayd etilgan edi.