“UzAuto Motors"ning xabar berishicha, 2021-yilning 28-dekabridan “UzAuto Motors"ning Hajigabul (Ozarbayjon) shahridagi zavodda Chevrolet Damas, Labo, Lacetti, Tracker va Malibu avtomobillarini yigʻish yoʻlga qoʻyildi.
Taʼkidlanishicha, ishlab chiqarish “Azermash CP” MChJ QK zavodining ishlab chiqarish quvvatlarida yoʻlga qoʻyilgan boʻlib, bu yerda joriy yilning sentabr oyidan buyon Chevrolet Nexia va Cobalt avtomobillari ishlab chiqarilmoqda. Kompaniya barcha mahsulotlar General Motors (AQSh) tomonidan oʻrnatilgan jahon standartlariga muvofiq ishlab chiqarilishini qoʻshimcha qilmoqda.
Ushbu yoʻnalishda keyingi qadam Ozarbayjondagi Chevrolet avtomobillari portfoliosini yangi perspektiv avtomobil modellari bilan toʻldirish shuningdek, kelgusi yillarda ishlab chiqarishni bosqichma-bosqich oshirish: 2022-yil oxiriga kelib, yiliga kamida 5000 ta avtomobil ishlab chiqarish quvvatiga erishish rejalashtirilgan, deyiladi xabarda.
Loyiha tomonlar oʻrtasida 2021-yil 21-iyulda imzolangan kelishuv tufayli amalga oshirildi. Boku shahri yaqinida joylashgan Hajigabul sanoat kvartali tarkibiga kiruvchi “Azermash CP” — “AVTOSANOAT INVEST” MChJ (Oʻzbekiston) va “STA INSAAT” MChJ (Ozarbayjon) tomonidan tashkil etilgan qoʻshma kompaniya hisoblanadi.
Avvalroq UzAuto Motors 2022-yilda Tracker ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘ymoqchiligini ma’lum qilgan edi.