Onlayn nazorat-texnikalari cheklarining QR-kodini Soliq mobil ilovasida roʻyxatdan oʻtkazib xarid summasidan 1% keshbek olish amaliyotga joriy etilganidan buyon dastlabki 6 kun ichida taqdim etilgan cheklar soni oʻtgan oyning shu davriga nisbatan 43% ga oshdi. Bu haqda davlat soliq qoʻmitasi xabar bermoqda.
Xabarda aytilishicha, chekda MXIKlar notoʻgʻri yoki umuman aks ettirilmaganligi sababli ularni roʻyxatga olishdagi muammolar yuzasidan fuqarolar murojaatlari ortishi kuzatilmoqda.
2022-yil 1-yanvardan MXIK aks ettirilmaydigan cheklarni taqdim etish taqiqlangan boʻlsa-da, ayrim tadbirkorlik subyektlari tomonidan nazorat-kassa texnikalarini yangi talablarga moslashtirish boʻyicha zarur choralar koʻrilmagan.
Natijada 3 429,2 mln soʻmlik (shundan 34,2 mln soʻm keshbek) cheklarga yoki jami roʻyxatdan oʻtkazilgan cheklarning 12,6%iga keshbek summasini hisobga olish rad etilgan.
Endilikda chekda MXIK kodi toʻgʻri koʻrsatilgan barcha tovarlar (xizmatlar) uchun keshbek taqdim etiladi. Rad etish toʻliq xarid summasiga (butun chek uchun) emas, balki faqat maʼlumotlar bazasida mavjud boʻlmagan MXIK kodi koʻrsatilgan mahsulot (tovar va xizmat)larga nisbatan qoʻllaniladi.
Onlayn nazorat-texnikalari cheklarida tovarlar (xizmatlar) nomenklaturasiga yoxud faoliyatning oʻziga xos xususiyatlariga va amalga oshiriladigan turlariga muvofiq boʻlmagan identifikatsiya kodlarini aks ettirish — cheklarda koʻrsatilgan realizatsiya qilingan tovarlar (xizmatlar) qiymatining 1%i miqdorida jarima belgilangan.
Xabarda shuningdek, cheklarda MXIK kodlarining notoʻgʻri aks ettirilishi bilan bogʻliq har bir holat soliq organlari tomonidan alohida oʻrganilib, qatʼiy nazoratga olinishi taʼkidlangan.
QR-kod orqali qanday qilib keshbekka ega boʻlish mumkinligi haqida ushbu yoʻriqnoma orqali tanishishingiz mumkin.