Toshkent shahri va Toshkent viloyatidagi ikkita koʻchmas mulk obyekti auksion savdosiga qoʻyildi. Har ikkala lotning sotuvchisi — “Asakabank"ning muammoli aktivlar departamenti. Obyektlar garov sifatida ishlagan majburiyatlar bilan birga sotiladi.
Ulardan biri Toshkent shahrining Yakkasaroy tumanidagi 4 qavatli turar-joy binosining birinchi qavatidagi ofis binosidir. Maydoni 620 kv.metr. Elektr, suv va kanalizatsiya bor, lekin gaz yoʻq.
Boshlangʻich bahosi — 3,93 mlrd soʻm. Shuningdek, xaridor avvalgi mulkdorning $361 788 miqdoridagi qarzini toʻlashi kerak.
Ikkinchi obyekt — Chirchiq shahridagi 2 qavatli ofis binosi. U 0,47 gektar maydonda joylashgan boʻlib, shundan 0,149 gektar maydonda qurilgan.
Binoning foydali maydoni 671,5 kv.metr. Qulayliklardan faqat elektr energiyasi mavjud. Suratdan koʻrinib turibdiki, binoda taʼmirlash ishlari tugallanmagan.
Boshlangʻich bahosi — 2,58 mlrd soʻm. Xaridor 915,5 mln soʻmlik qarz majburiyatini oʻz zimmasiga oladi.
Har ikki mulk boʻyicha savdolar 9-fevralga rejalashtirilgan. Ishtirok etish uchun arizalar 7-fevralgacha qabul qilinadi.