UzAuto Motors kompaniyasi Asr Progress Innotech bilan dilerlik shartnomasini bekor qildi. Bu haqda kompaniya matbuot xizmati xabar bermoqda.

2021-yil oxirida Andijon viloyatining Boʻston tumanida joylashgan UzAuto dileri tomonidan shartnoma shartlarini qoʻpol ravishda buzish holatlariga yoʻl qoʻygani aniqlangan.

Shuningdek, dilerning xatti-harakatlarida huquqbuzarlik belgilari aniqlanib, tegishli choralar koʻrish uchun huquqni muhofaza qiluvchi organlarga xabar bergan.

Sobiq diler bilan tuzilgan shartnomalar boʻyicha barcha majburiyatlarni “Andijon Avtotexxizmat” AK oʻz zimmasiga oladi. Mijozlar oʻz oldidagi majburiyatlarini oʻz vaqtida va toʻliq bajarishlari kafolatlandi.

UzAuto matbuot xizmati xaridorlarni avtomobil sotib olayotganda dilerlar qoʻshimcha pul talab qilsa, kompaniyaning call-markaziga (+99878 141−77−77) murojaat qilishga chaqirdi.

UzAuto bir necha yildan buyon dilerlar bilan ishlashga boʻlgan yondashuvini oʻzgartirib kelmoqda. Masalan, 2018-yilda “tozalash” oʻtkazgan boʻlsa, 2019-yilda bir nechta korxonalarni sotuvga qoʻygan, 2020-yilda esa tadbirkorlarni dilerlik faoliyatini boshlashga taklif qilgan.

2021-yil may oyida UzAuto avtomobillar uchun navbatlar va “shapka” talablari muhokamasiga izoh berdi. Avtomobil ishlab chiqaruvchisining soʻzlariga koʻra, butun dunyo sanoati mikrosxemalar yetishmasligi sababli inqirozga yuz tutmoqda.

Fursatdan foydalanib, ayrim qoʻli toza boʻlmagan subyektlar tomonidan spekulyativ vaziyatlar yaratilib, noqonuniy xatti-harakatlarga yoʻl qoʻyilmoqda, ularga qarshi “Oʻzavtosanoat” faol kurash olib bormoqda", — deyiladi xabarda.

20-dekabr kuni kompaniya Lacetti, Cobalt, Nexia va Spark uchun yangi buyurtmalarni toʻxtatdi. Cheklovlar 1-fevralgacha davom etadi, bu vaqt ichida zavod allaqachon imzolangan shartnomalar boʻyicha yetkazib berishni yakunlashi kutilmoqda.