Avvalroq Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Doniyor Gʻaniyev asosiy oziq-ovqat mahsulotlari importi va realizatsiyasi uchun qoʻshimcha qiymat soligʻidan (QQS) berilgan imtiyozlar muddati uzaytirilishi borasida aytgan edi.
11-yanvar kuni mazkur qonun loyihasi ikkinchi oʻqishda qabul qilindi.
Qayd etilishicha, 2022-yil 30-aprelga qadar quyidagilar QQSdan ozod qilinadi:
- Oʻzbekiston Respublikasi hududiga oʻsimlik yogʻi, kungaboqar va zigʻir urugʻi, shuningdek, soya danagini olib kirish;
- oʻsimlik yogʻini (paxta yogʻidan tashqari) ishlab chiqarish va (yoki) realizatsiya qilish boʻyicha aylanma;
- goʻsht (mol, qoʻy, tovuq), tirik hayvonlar (qoramol va parranda) va ularni soʻyishdan olingan mahsulotlarni, kartoshkani hamda muzlatilgan baliqni realizatsiya qilish boʻyicha aylanma, shuningdek, ularni mamlakat hududiga olib kirish.
Mazkur qonun loyihasining qabul qilinishi aholini asosiy oziq-ovqat mahsulotlari bilan toʻlaqonli va uzluksiz taʼminlashga, narx barqarorligini saqlashga, aholi daromadlari oshishiga xizmat qilishi taʼkidlab oʻtilgan.