7-yanvar kuni Toshkent shahridagi elektron auksionda radar va kameralar oʻrnatishga moʻljallangan 69 ta hudud sotildi, bu E-auksion maʼlumotlaridan kelib chiqmoqda.
Hududlarning umumiy boshlangʻich narxi 306,45 mln ni tashkil etgan boʻlsa-da, savdodan tushgan jami tushum 20,99 mlrd soʻmga yetdi. Auksion davomida narxlarning umumiy qiymati 68,5 barobarga oshdi.
Deyarli barcha “tochka"larni uchta xaridor sotib oldi: bitta jismoniy shaxs va ikkita kompaniya — Microyol va 64-BIT. Deyarli barcha savdolar 10−11 soat davom etdi, chunki ishtirokchilar doimiy ravishda stavkalarni oshirdilar.
Eng koʻp lotni 64-BIT xarid qildi (43) , ilgari ham u radarlar uchun maydonlarni ommaviy ravishda sotib olgandi. Microyol esa 7 ta hududni sotib olgan boʻlsa, jismoniy shaxs 19 ta uchastka xarid qildi.
Eng qimmat obyekt — Bogʻishamol koʻchasi boʻylab hayvonot bogʻi yonidagi hudud, u 750,06 mln soʻmga sotildi, bu boshlangʻich bahodan 277,8 baravar qimmat deganidir. Buning uchun taklif 12 soat 35 daqiqa davom etdi.
Bundan tashqari, Yusuf Hojib — M.Yoqubov chorrahasidagi Italiya elchixonasi yonidagi uchastka 517,1 mln soʻmga sotildi. 4,05 mln soʻmga boshlangʻich narx belgilangan hudud 127 barobar oshib ketdi.
Hammasi boʻlib, auksion savdosida 6 ta lot 100 va undan ortiq baravarga, yana 48 tasi esa 50 dan 100 baravarga qimmatlashgan.
Biroq bitta lot atigi 10 daqiqada sotib boʻlingan. Bu Bogʻishamol — Ming Oʻrik chorrahasidagi uchastka boʻlib, yagona taklif 2,835 mln soʻmga teng boʻldi.
Auksion orqali radar
Tadbirkorlarga joriy yilning 1-martidan boshlab yoʻllarga kameralar va radarlar oʻrnatishga ruxsat berildi. Yer uchastkalari onlayn auksionlar orqali taqdim etiladi.
Auksion gʻoliblari uchastkalarni boshqa tadbirkorlarga oʻtkazish huquqi bilan cheklanmagan muddatga oladi. 2021−2022-yillarda shu tarzda 3356 ta videokamera va 763 ta radar oʻrnatish rejalashtirilgan.
Bunday lotlar katta talabga ega. Auksion paytida narxlar oʻn martalab oshishi mumkin,masalan, iyul oyida Xorazmdagi bitta hudud 40 mln soʻmga yoki boshlangʻich bahosidan 27 baravar qimmatga sotib olindi.