Oʻzbekistonga kelayotgan yoʻlovchilar uchun mamlakatdagi barcha aeroportlarda koronavirusga majburiy test joriy etildi. Bu haqda Uzbekistan Airports matbuot xizmati xabar berdi.
15-yanvardan boshlab Davlat bojxona qoʻmitasi Sanitariya-epidemiologiya osoyishtaligi xizmati bilan birgalikda barcha xalqaro aeroportlarning qabul qilish zallarida ekspress-test punktlarini tashkil etadi.
Ekspress test narxi Markaziy bank kursi boʻyicha soʻm ekvivalentida $5 ni tashkil etadi (xabar eʼlon qilingan paytda 54 ming). Talabalik guvohnomasi boʻlgan talabalarga 50% chegirma beriladi. I va II guruh nogironlari test sinovlarini bepul topshiradi. Ikki yoshgacha boʻlgan bolalar testdan oʻtishlari shart emas.
“Maxsus komissiya qaroriga koʻra, Oʻzbekistonga kelganlarning barchasi aeroportlarda majburiy ekspress-testdan oʻtkaziladi. Sinovlar Davlat bojxona qoʻmitasining markaziy laboratoriyasi tomonidan oʻtkaziladi. Barcha aeroportlarda buning uchun maxsus zonalar mavjud, kartalar bilan toʻlovlarni qabul qilish uchun terminallar, naqd pul olish uchun bankomatlar va valyuta ayirboshlash punktlari ishlab turibdi. Aeroportlarning imkoniyatlaridan kelib chiqib, pasport nazoratidan oʻtishdan oldin yoki keyin sinov zonalari tashkil etiladi”, — dedi Uzbekistan Airports aksiyadorlik jamiyati boshqaruvi raisining birinchi oʻrinbosari Javlon Umarxoʻjayev.
Xizmat haqini toʻlab, sinovdan oʻtgandan soʻng yoʻlovchining pasportiga shtrix-kod yopishtiriladi. Test natijalarini olish taxminan 15 daqiqa davom etadi, deya taʼkidlaydi kompaniya matbuot xizmati.
Terminaldan chiqishda shtrix-kod skanerdan oʻtkaziladi va yoʻlovchi tezkor koronavirus testi natijasini oladi. Agar musbat natija boʻlsa, u majburiy ravishda izolyatsiyaga yuboriladi.
Shu bilan birga, ketishdan 48 soat oldin berilgan PTSR testining salbiy natijasi toʻgʻrisidagi guvohnoma hali ham amal qiladi.
Avvalroq Spot SSV korxona va tashkilotlarga 20-yanvarga qadar xodimlarini emlanishlarini tashkil etishga chaqirgani haqida xabar bergan edi.