Sogʻliqni saqlash vazirligi tadbirkorlarga murojaat bilan chiqdi.

Unda, soʻnggi kunlardagi epidemiologik vaziyatdan kelib chiqqan holda xodimlarni vaksina olishlarini tashkil etish borasida soʻz boradi.

“Sizdan xodimlaringizning 2022-yil 20-yanvarga qadar koronavirusga qarshi emlanishini taʼminlashingizni hamda sababsiz emlanmaganlarni ishga qoʻymaslik choralarini koʻrishingizni soʻraymiz”, — deyiladi murojaatda.

Shuningdek, emlashga qarshi tibbiy koʻrsatmalari bor fuqarolar bundan mustasno ekanligi qoʻshimcha qilingan.

Taʼkidlanishicha, 20 nafardan ortiq emlanuvchisi bor tashkilotlarga esa sayyor emlash brigadasini jalb etish imkoniyati ham yaratilgan. Emlash bepul amalga oshiriladi.

Bundan tashqari, 2022-yilning yanvar, fevral va mart oylarida emlanganlik sertifikatini olgan fuqarolar oʻrtasida qimmatbaho yutuqli oʻyin (bosh sovrin — avtomobil) tashkil etiladi.

Avvalroq Spot SES emlanmagan xodimlar tufayli biznesni yopish amaliyotini toʻxtatganligi haqida xabar bergandi.