Koronavirus infeksiyasiga qarshi kurashish boʻyicha maxsus komissiya qarori bilan 15-yanvardan boshlab ikki davlat fuqarolarining Oʻzbekiston va Qozogʻiston chegarasidan oʻtishlari vaqtinchalik toʻxtatiladi. Bu haqda Sogʻliqni saqlash vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.
Vazirlik maʼlumotlariga koʻra, soʻnggi kunlarda Qozogʻistonda koronavirus bilan kasallanganlar soni keskin oshgan. Shunday qilib, birgina 15-yanvar kuni 13,6 ming kishida COVID-19 aniqlangan, bu 11-yanvarga nisbatan qariyb 9 ming kishiga koʻpdir.
Shularni inobatga olgan holda, Oʻzbekistonning Qozogʻiston bilan chegarasini ikki davlat fuqarolarining kesib oʻtishi bilan bogʻliq cheklovlar joriy etiladi.
Biroq mazkur cheklovlar quyidagi shaxslarga tatbiq etilmaydi:
- havo yoʻllari orqali kiruvchi barcha toifadagi fuqarolar;
- chegaradosh temir yoʻl stansiyalari va avtomobil oʻtkazish chegara
punktlari orqali vataniga qaytgan Oʻzbekiston va Qozogʻiston fuqarolari (keyingi oʻrinlarda tomonlarning fuqarolari deb yuritiladi); - hukumatlararo kuryerlik aloqasi xodimlari;
- xalqaro yuk tashishni amalga oshiruvchi haydovchilar;
- rasmiy (hukumat) delegatsiyalari tarkibida boʻlgan shaxslar;
- diplomatik vakolatxonalar, konsullik muassasalari va xalqaro tashkilotlar xodimlari, shuningdek, ularning oila aʼzolari;
- Qozogʻiston hududida joylashgan Oʻzbekiston obyektlari, shuningdek, Oʻzbekiston hududida joylashgan Qozogʻiston obyektlariga xizmat koʻrsatuvchi xodimlar;
- ushbu davlatlarda investitsiya loyihasi doirasida oʻz faoliyatini amalga oshirayotgan Oʻzbekiston, shuningdek, Qozogʻiston fuqarolari;
- Oʻzbekistonda doimiy yashovchi Qozogʻiston fuqarolari, shuningdek, Qozogʻistonda doimiy yashovchi Oʻzbekiston fuqarolari;
- mazkur davlatlarda taʼlim oladigan tomonlarning fuqarolari;
- ogʻir kasal boʻlgan yaqin qarindoshlarini koʻrish yoki yaqin qarindoshlarining dafn marosimida qatnashish zarurati tufayli tibbiy maqsadda kiruvchi (ketayotgan) tomonlarning fuqarolari;
- vafot etgan Oʻzbekiston fuqarolarining jasadini olib borishda Qozogʻiston hududida va Qozogʻiston fuqarolarining Oʻzbekiston hududida hamrohlik qilayotgan tomonlar fuqarolari.
Avvalroq Spot “Uzbekistan Airways” Qozogʻistonga qatnovlarni tiklaganligi haqida yozgan edi.