Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi 2021-yil uchun hududlarning ishbilarmonlik faoliyatini tahlil qildi. Unga koʻra, oʻtgan yilgi iqtisodiy oʻsish surʼati 7,4% tashkil etdi, bu avval prognoz qilingan 5−6% dan yuqori boʻldi.
Shuningdek, monitoring natijalari shuni koʻrsatdiki, oʻtgan yil davomida respublikada soliq tushumlari hajmi 2020-yilga nisbatan 23,5% ga oshdi. Shu bilan birga Xorazm (37,5%), Navoiy (34,6%), Qashqadaryo (31,7%), Toshkent (30,5%), Samarqand (30,5%) viloyatlarida va Toshkent shahrida (31,6%) soliq tushumlarida sezilarli darajada oʻsish qayd etildi.
Tahlil qilinayotgan davr uchun bojxona toʻlovlari boʻyicha tushumlar 34,4% ga oshdi. Daromadning eng yuqori oʻsishi Jizzax (3,6 marta), Sirdaryo (2,1 marta), Xorazm (1,9 marta), Samarqand (57,9%), Qashqadaryo (55%), Fargʻona (54,5%) va Namangan viloyatlarida (48,7%) kuzatildi.
Davlat bojxona qoʻmitasi maʼlumotlariga koʻra, tovarlar eksporti hajmi yil boshidan buyon oʻtgan yilning shu davriga nisbatan 36,6 foizga oshdi. Tovarlar eksporti hajmining oʻsishi Samarqand (58,9%), Jizzax (51,1%), Andijon (50,6%) viloyatlarida, Toshkent shahrida (51,4%) taʼminlandi.
Avvalroq Jahon banki oʻz hisobotida Oʻzbekistonda 2021-yildagi YaIM oʻsishi 6,2 foizga yetganligi haqida aytgan edi.