Oʻzbekiston va Fransiya taraqqiyot agentligi (FTA) oʻrtasida 2021-yil 28-iyunda bitim imzolangan boʻlib, unda chorvachilik sohasini barqaror rivojlantirish uchun €100 mln miqdorida qarz ajratish nazarda tutilgan. Loyihani amalga oshirish muddati — 5 yil (2022−2026 yillar).

Loyihaning umumiy qiymati €147,07 mln ekvivalentida boʻlib, shundan: €100 mln — FTAning qarzi; €29,96 mln — Loyiha ishtirokchilari (benefitsiarlar)ning ulushi; €17,1 mln (shu jumladan soliq va bojxona toʻlovlari shaklida mablagʻlar) — Oʻzbekistonning ulushi.

Bojxona kodeksiga asosan Oʻzbekistonning xalqaro shartnomalari boʻyicha xalqaro moliya institutlari va xorijiy hukumat moliya tashkilotlari tomonidan berilgan qarzlar (kreditlar) hisobidan yuridik shaxslar tomonidan bojxona hududiga olib kiriladigan tovarlar bojxona bojidan ozod qilingan.

Belgilanishicha: loyihani amalga oshirish doirasida FTA qarzi hisobidan xarid qilinadigan tovarlarni (ish, xizmatlarni) va maxsus transport vositalarini olib kirishda (sotib olishda) QQS tovarlarni (ish, xizmatlarni) olib kiruvchilar (import qiluvchilar, xizmatlarni sotib oluvchilar) tomonidan toʻlanadi; ushbu bojxona boji imtiyozlari natijasida boʻshagan mablagʻlar hamda tovarlarni olib keluvchilar tomonidan toʻlangan qoʻshilgan qiymat soligʻi summasi Oʻzbekistonning loyihani amalga oshirishdagi ulushi deb hisoblanadi.

Loyiha dastlab Qoraqalpogʻistonda, Toshkent, Jizzax, Sirdaryo, Qashqadaryo, Samarqand va Buxoro viloyatlarida amalga oshiriladi. Loyiha doirasida nazarda tutilgan chora-tadbirlar 50% dan ziyod moliyalashtirilgandan soʻng, respublikaning barcha viloyatlarida amalga oshiriladi.

Kredit liniyasini boshqarish, FTAning qarzi oʻz vaqtida oʻzlashtirilishi va maqsadli foydalanilishini taʼminlash, shuningdek, subloyihalarni amalga oshirish boʻyicha monitoring va hisobotni yuritish funksiyalari loyihada ishtirok etuvchi tijorat banklariga yuklanadi.

Qarz bitimi doirasida yuzaga kelgan barcha toʻlovlar loyihada ishtirok etuvchi banklar bilan qayta kreditlash bitimlari imzolangunga qadar davlat byudjeti hisobidan qoplab beriladi va qayta kreditlash bitimlari imzolanganidan soʻng loyihada ishtirok etuvchi tijorat banklari tomonidan ularga ajratilgan mablagʻlar miqdoriga mutanosib ravishda Oʻzbekistonning respublika byudjetiga qaytariladi.