Oʻzbekistonda zamonaviy texnologiyalar asosida uchuvchisiz uchish apparatlari ishlab chiqarilmoqda. Bu haqda Mudofaa sanoati davlat qoʻmitasi matbuot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, Mudofaa sanoati davlat qoʻmitasi tasarrufida Uchuvchisiz aviatsiya majmualarini ilmiy-ishlab chiqarish markazi tashkil etildi.
Mazkur markaz tomonidan xalqaro texnik talab va standartlarga toʻliq javob beradigan “Lochin” nomli uchuvchisiz uchish apparatlarini ishlab chiqarish yoʻlga qoʻyildi.
Taʼkidlanishicha, ikki xil maqsadda foydalanishga moʻljallangan mazkur milliy loyiha Markaziy Osiyoda ilk bor Oʻzbekistonda oʻzlashtirildi va yoʻlga qoʻyildi.
Markaz uchuvchisiz aviatsiya majmualarini ishlab chiqarish, yigʻish, taʼmirlash va texnik xizmat koʻrsatish uchun zarur yigʻuv jamlanmalari, texnologik va maxsus uskunalar, tekshirish (test laboratoriya) moslamalari kabi texnologik jihozlar bilan toʻliq taʼminlangani aytiladi.
Milliy brend ostida ishlab chiqilgan samolyot va kvadrokopter turidagi “Lochin” uchuvchisiz uchish apparati bir qancha maqsadlarda foydalanishga moʻljallangan boʻlib, razvedka qilish, zarba berish, real vaqt rejimida kuzatish, maʼlumot olish, artilleriya oʻt ochish jarayonini boshqarish kabi vazifalarni bajarish bilan bir qatorda, qishloq xoʻjaligi, neft-gaz, oʻrmon xoʻjaligi, temir yoʻllar, geologiya, qidiruv sohalarida kartografiya, topogeodeziya, ekinlarni defoliatsiya qilish, qoʻriqxonalarni, yoʻllarni, ijtimoiy infratuzilma hamda muhim obyektlarni kuzatib borish va boshqa maqsadlarda foydalanish imkoniyatini beradi.
Avvalroq Spot qishloq xoʻjaligi yerlarini 100 kilogrammdan oshmaydigan dronlar yordamida kuzatishga ruxsat berilganligi haqida yozgan edi.