2021-yilda chakana tovar ayirboshlash hajmining 2020-yilga nisbatan 5,7% dan 12% ga, pullik xizmatlar koʻrsatish hajmining 3% dan 19,2% ga oʻsishi, shuningdek, ish haqi, pensiyalar, nafaqalar va boshqa toʻlovlar oshirilishi naqd pulga talab va taklif shakllanishining asosiy omili boʻldi. Bu Oʻzbekiston Markaziy banki hisobotida aytiladi.
Natijada, 2021-yilda banklarning naqd pul aylanmasi hajmi 2020-yilga nisbatan 40,8% ga oshib, 507,2 trln soʻmni tashkil etdi va uning tarkibiy tuzilishida oʻtgan yillarga nisbatan oʻzgarishlar kuzatilmadi.
Naqd pul muomalasida banklar kassalariga tushumlar hajmi 251,7 trln soʻmni, bank kassalari va bankomatlardan naqd pul sarfi esa 255,5 trln soʻmni tashkil etadi.
2022-yil 1-yanvar holatiga muomaladagi naqd pulning umumiy pul massasidagi ulushi 20% ni tashkil etdi va oʻtgan yilga nisbatan 3% punktiga kamaydi. YaIMga nisbatan esa ulush 4,1% dan 3,9% ga qisqardi.
Muomaladagi naqd pullar tarkibida katta nominalga ega boʻlgan banknotalar ulushining oʻsishi hisobiga banknotlarning umumiy soni sezilarli darajada kamaydi.
Xususan, 2021-yil davomida muomalaga chiqarilgan naqd pullar tarkibida 100 000 soʻmlik banknotlarning ulushi 27,3% dan 34,8% ga yetgan boʻlsa, 50 ming soʻmlik banknotlarning ulushi 38,8% dan 34,2% ga, 10 000 soʻm — 15,7% dan 14,5% gacha, 5 ming soʻm — 16,1% dan 12,7% gacha, 1000 soʻm — 2,1% dan 1,4% gacha kamaydi. 2000 soʻm (0,3%) va 20 000 soʻm (2,1%) yangi turdagi banknotalar muomalaga chiqarildi.
Natijada, muomalaga chiqarilgan banknotlar soni 492,4 mln donaga yoki 18% ga kamaydi.
Muomaladagi banknotlar sonining kamayishi aholiga naqd pul hisob-kitoblarida, banklarga esa kassa operatsiyalarida qulaylik yaratish, sanash, saralash va qadoqlash jarayonlarini osonlashtirishga xizmat qilmoqda.
Shu bilan birga, 2021-yil davomida chakana savdoda foydalanish uchun va aholi punktlarida pul mablagʻlarini qaytarish (mayda pul) sifatida toʻlov xizmatlarini koʻrsatish uchun 14,6 mlrd soʻmlik yangi tangalar qoʻshimcha ravishda muomalaga chiqarilib, ularning naqd pul tarkibidagi ulushi 0,16% ga yetdi.