Chevrolet 2021-yilda Qozogʻiston avtomobil bozorida eng koʻp sotilgan brendga aylandi, deb yozadi Forbes.kz Qozogʻiston avtobiznes uyushmasiga (AKAB) tayanib.

Ushbu brendning sotuvi 2020-yilga nisbatan 190% ga oshdi. Savdolar mart oyida keskin oshgan, oʻshandan beri reytingda birinchi oʻrinni egallab turibdi.

Umuman olganda, soʻnggi bir yil ichida qozogʻistonliklar 117 590 ming dona yangi avtomobil sotib oldi. Ulardan Chevrolet 29 112 dona — umumiy koʻrsatkichning chorak qismini tashkil etdi. Savdo boʻyicha ikkinchi oʻrinni Hyundai, uchinchi oʻrinni Toyota egalladi.

Modellar orasida birinchi oʻrinni “Cobalt” egallaydi. Yil davomida 14 605 ta avtomobil sotilgan. Keyingi oʻrinda Nexia boʻlib, mazkur rusumdagi avtomashinalarning 10 809 donasi sotilgan, uchinchi oʻrinni 9 063 dona sotilgan mashina bilan Hyundai Accent band qilgan.

Aynan Qozogʻiston hisobidan UzAuto Motors ishlab chiqarish qisqarganiga qaramay, birinchi yarim yillikda foydani oshirdi. Oʻsha davrda eksportning 94 foizi qoʻshni respublikaga toʻgʻri keldi, eksportning oʻzi esa ikki barobarga oshdi.

Dastlabki 9 oyda Qozogʻiston eksportning 96%ini UzAuto Motorsʼdan oldi. 2020−2021-yillarda qozogʻistonliklar orasida yangi avtomobillarga talab oshdi, shu sababli avtomobillar yetishmovchiligi boshlandi, deya qayd etishdi kuzatuvchilar.

Shu fonda “Oʻzavtosanoat” Qozogʻiston bilan hamkorlikni kengaytirmoqda. 2019-yildan buyon faoliyat yuritib kelayotgan “СарыаркаАвтоПром"dagi ishlab chiqarish liniyasiga qoʻshimcha ravishda Allur kompaniyalar guruhi obyektlarida Nexia yigʻishni tashkil etish rejalashtirilgan.

Qozogʻistonda yigʻilgan Chevrolet avtomobillari mahalliy ishlab chiqarilgan avtomobillar eksport reytingida ham birinchi oʻrinni egalladi. Xorijga (asosan Rossiya va Oʻzbekiston) yetkazib berilgan 12,1 ming dona avtomobilning 4988 tasi shu markaga toʻgʻri keldi.