2021-yilda xalqaro pul oʻtkazmalari orqali respublikaga $8,1 mlrd miqdorida valyuta mablagʻlari kelib tushgan. Bu haqda Markaziy bank sharhida maʼlum qilindi.
Qayd etilishicha, ushbu koʻrsatkich 2019−2020-yillarga nisbatan ($6 mlrd) 34% ga oshgan.
Xalqaro pul oʻtkazmalari orqali respublikadan $1,6 mlrd miqdorida valyuta mablagʻlari chetga joʻnatilgan.
2021-yil davomida tashqi savdo aylanmasining jadallashishi kuzatildi. Eksport tushumlari hajmi (oltin eksportini hisobga olmaganda) oʻtgan yilga nisbatan 34% ga oʻsib, $11,6 mlrd ga yetdi. Import toʻlovlari oʻtgan yilga nisbatan 25% ga oshib, $25,7 mlrd ni tashkil etdi.
Ichki valyuta bozorida chet el valyutasiga boʻlgan talabning umumiy hajmi 2021-yilda $26,1 mlrd ni tashkil etib, 2019 va 2020-yillarning tegishli davrlariga nisbatan mos ravishda 1,7 va 1,3 barobarga oshdi.
Ichki valyuta bozorida chet el valyutasidagi umumiy taklif hajmi 2021-yilda $22,9 mlrd ni tashkil etib, oʻtgan yilning mos davriga nisbatan 1,6 barobarga oʻsdi (2020 yilda — $14,3 mlrd, 2019 yilda — $11,7 mlrd).
Avvalroq Spot Oʻzbekistonning tashqi savdo aylanmasi $42 mlrd ga teng boʻlganligi haqida yozgan edi.