Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi “Banklar faollik reytingi"ni yangiladi. Umumiy reytingda “Kapital bank”, “Hamkor bank” va “Trast bank” eng faol banklar uchligini boshqarishda davom etayotgan boʻlsa, “Asia Alyans bank”, “Agrobank” va “Qishloq qurilish bank” reytingida koʻtarilishi qayd etildi.

2021-yil 1-dekabr holatiga bank tizimi aktivlari hajmi 427,4 trln soʻmni (2020-yil 1-dekabrga nisbatan nominal oʻsish — 21,9%), majburiyatlari 360,3 trln soʻmni (23,2%), jami kapitali — 67 trln soʻmni (15,7%) tashkil etdi. Bugungi kunda bank tizimida 56 mingga yaqin kishi faoliyat olib bormoqda.

Markaz tadqiqotida banklar ikki guruhga ajratilgan — yirik banklar va kichik banklar. Reyting ushbu guruhlarning har biri uchun alohida tuzilgan. Bunda, kichik banklar guruhiga faqat Toshkent shahrida yoki faqat ayrim (odatda bitta) hududlarda faoliyat olib borayotgan banklar kiritilgan.

17 ta yirik banklar uchun tuzilgan umumiy reytingda “Asia Alyans bank” 2-pogʻonaga koʻtarilib, 6-oʻrindan joy oldi. Mazkur bank moliyaviy vositachilik (2-oʻrin), daromad olish salohiyati (5-oʻrin) hamda likvidlilik (3-oʻrin) boʻyicha yaxshi natijalarni saqlab qolmoqda. Shunday boʻlsa-da, reyting natijalari “Asia Alyans bank” kapital yetarlilik va aktivlar sifati koʻrsatkichlariga eʼtibor qaratishi lozimligini koʻrsatmoqda.

“Ipak yoʻli bank” umumiy reytingda 7-oʻringa joylashdi. Ushbu bank moliyaviy ommaboplik (5-oʻrin) va daromad olish salohiyati (2-oʻrin) boʻyicha top-5 banklar qatoriga kirdi. Bank moliyaviy vositachilik boʻyicha reytingi (15-oʻrin) muddatli depozitlarning kreditlariga nisbati, boshqa banklar va moliya institutlaridan olingan mablagʻlar hamda Moliya vazirligi oldidagi majburiyatlari boʻyicha koʻrsatkichlarini yaxshilash lozimligini koʻrsatmoqda.

“Aloqa bank” reytingda 1-pogʻonaga tushib 8-oʻrindan joy oldi. Davlat ulushi mavjud banklar orasida Aloqa bank eng natijalarni namoyon etmoqda. Xususan, mazkur bank moliyaviy vositachilik 4-oʻrinni saqlab qoldi. Shuningdek, bank aktivlari sifati (6-oʻrin) va moliyaviy ommaboplik (7-oʻrin) boʻyicha ham yetakchi banklardan hisoblanadi. Bankning kapital yetarliligi boʻyicha koʻrsatkichlari jami regulyativ kapitalning (1-darajali kapitalning) xatarli aktivlarga nisbatiga alohida eʼtibor qaratish lozimligini koʻrsatmoqda.



“Agrobank” umumiy reytingda 10-oʻringa (1-pogʻonaga) koʻtarildi. Bankning moliyaviy vositachilik (2-pogʻonaga koʻtarilish), boshqaruv samaradorligi (2-pogʻonaga) hamda likvidlilik (2-pogʻonaga) boʻyicha ijobiy oʻzgarishlar kuzatildi. Shuningdek, moliyaviy ommaboplik va kapital yetarliligi boʻyicha reytingda top-5 banklar qatoriga kirdi. Shunga qaramasdan bankning boshqaruv samaradorligi (14-oʻrin) va daromad olish salohiyati (15-oʻrin) boʻyicha koʻrsatkichlari boshqa banklarga nisbatan past darajada qolmoqda.

Umumiy reytingda eng yuqori koʻtarilish “Qishloq qurilish bank” reytingida (11-oʻrin) kuzatildi. Ushbu bank tomonidan berilgan kredit portfellari sonining sezilarli darajada oshishi, shuningdek likvidlilik boʻyicha koʻrsatkichlarining yaxshilanishi bankning bir yoʻla 5-pogʻonaga koʻtarilishini taʼminladi. Shunday boʻlsa-da, bankning daromad olish salohiyati boʻyicha reytinggi (16-oʻrin) bank tomonidan sof foizli daromadlarning aktivlarga va foizli xarajatlarga nisbati hamda foizsiz daromadlarning jami daromadlar tarkibidagi ulushiga eʼtibor qaratish lozimligini koʻrsatmoqda.

“Oʻzsanoatqurilish bank” 3-chorakdagi natijalarini saqlab qolgan boʻlishiga qaramasdan, “Agro bank” va “Qishloq qurilish bank” tomonidan erishilgan yuqori natijalar mazkur bankning umumiy reytingda 13-oʻringa tushishiga sabab boʻldi.


Joriy yilning 4-choragida Oʻzbekistondagi 14 ta kichik banklari faollik reytingida “Davrbank” va “Ziraat bank” oʻz oʻrnini saqlab qolgan boʻlsa, “Universal bank” oʻz oʻrnini “Anor bank"ga boʻshatib berishga majbur boʻldi.

“TBS bank” umumiy reytingda 2-pogʻonaga koʻtarilib, 6-oʻrindan joy oldi. Bunga asosan bankning moliyaviy vositachilik boʻyicha koʻrsatkichlarining sezilarli darajada yaxshilangani turtki boʻldi.