Prezident farmoniga koʻra, toʻqimachilik sohasini qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi tashkil etildi. Bunda 2022-yil 1-fevraldan 2025-yil 1-yanvargacha:
- Qoraqalpogʻiston Respublikasi va viloyatlarda boʻyalgan mato hamda aralash va boʻyalgan gazlama mahsulotlarini ishlab chiqarish loyihalarini amalga oshirgan korxonalarga loyihalar doirasida xarid qilingan uskunalar qiymatining 10%i, biroq $500 ming ekvivalentidan koʻp boʻlmagan miqdorda subsidiya ajratiladi;
- boʻyalgan mato hamda aralash va boʻyalgan gazlama mahsulotlarini hamda tarkibida sunʼiy tola 80% dan yuqori boʻlgan ip-kalava ishlab chiqarish uskunalarini xarid qiluvchi korxonalarga boshlangʻich 15% toʻlovni toʻlash uchun xorijiy valyutada 7 yil muddatgacha 3 yillik imtiyozli davr bilan kredit ajratiladi;
- boʻyalgan mato, boʻyalgan gazlama va tayyor tikuv-trikotaj mahsulotlarini eksport qiluvchi korxonalarga xorijiy valyutada 1 yil muddatgacha 9 oygacha imtiyozli davr bilan $3 mln gacha eksportoldi moliyalashtirish uchun kredit ajratiladi;
Shuningdek, boʻyalgan mato, boʻyalgan gazlama va tayyor tikuv-trikotaj mahsulotlarini, shu jumladan komissioner (ishonchli vakil) orqali realizatsiya qilishdan tushgan umumiy tushumida ushbu mahsulotlarning kamida 80%ini eksport qilgan korxonalarga:
- ijtimoiy soliqni 1% miqdordagi soliq stavkasi boʻyicha toʻlash;
- mahalliy davlat hokimiyati organlariga ariza yubormasdan turib, soliq organlarini xabardor qilgan holda 3 yil muddatgacha yuridik shaxslardan olinadigan mol-mulk soligʻi toʻlovini kechiktirish huquqi beriladi.
Bunda, soliqni kechiktirish muddati tugaganidan soʻng soliq qarzi va hisoblangan foizlar kechiktirish muddatiga teng muddat mobaynida boʻlib-boʻlib toʻlanadi.
2022-yil 1-fevraldan 2025-yil 1-yanvargacha quyidagi manbalardan kelib tushadigan mablagʻlar jamgʻarmaga yoʻnaltiriladi:
- paxta ip-kalavasi eksporti uchun undiriladigan yigʻimning 25%i va trikotaj mato eksporti uchun undiriladigan yigʻimning 100%i;
- paxta ip-kalavasi eksporti uchun undiriladigan yigʻimning 70 foizi.
Farmonga koʻra, eksport qiluvchilarning eksportoldi moliyalashtirish uchun olingan kreditlari boʻyicha Tadbirkorlik faoliyatini qoʻllab-quvvatlash davlat jamgʻarmasi tomonidan kompensatsiya va kafillik berish muddatlari 2024-yil 1-yanvargacha uzaytirildi hamda ushbu tartib barcha eksportchi korxonalarga tatbiq etiladi.
2022-yil 1-iyulgacha paxta tolasini majburiy avtomatlashtirilgan hisobga olish tizimi ishga tushiriladi.