Alisher Usmonov tuzilmasi bilan bogʻliq boʻlgan Finance TCI “Kapitalbank” aksiyalarining egasiga aylandi. Xabar birja saytida eʼlon qilindi.
Rossiya kompaniyasi birja savdolari davomida 32,98 mln dona aksiyalar paketini sotib oldi, bu bank ustav fondining 8,33%ini tashkil etadi. Bitim qiymati 108,45 mlrd soʻmga yetdi.
Maʼlumotlarga koʻra, Finance TCI Alisher Usmonovning USM xoldingiga qarashli “Телекоминвест” kompaniyasi bilan bogʻlangan. “Телекоминвест” 2021-yil noyabr oyi oxirida 215 mlrd soʻmga qoʻshimcha 65,9 mln dona qimmatli qogʻozlar emissiyasini sotib olib, aksiyadorga aylandi.
Shundan soʻng Usmonov tuzilmasi uning 16,6% aksiyasiga egalik qilgan. 11-yanvar kuni “Телекоминвест” oʻz ulushini bank aksiyalarining 25% gacha oshirdi.
Ayni paytda bank ustav kapitalining 58,33 foizi ularga tegishli ekani koʻrsatilgan. 8,33% Finance TCI ulushi, yana 50% Telecominvest hissasiga toʻgʻri keladi.
“Kapitalbank” bank sohasida yetakchi oʻrinni egallaydi va 2020-yil iyul oyida ishga tushirilganidan buyon CERR Bank faoliyati indeksida birinchi oʻrinni saqlab kelmoqda.