Prezident farmoniga koʻra, 2022-yil 1-apreldan farmatsevtika mahsulotlari xaridlariga ajratilishi rejalashtirilgan davlat byudjeti mablagʻlari miqdori doirasida mahalliylashtiriladigan farmatsevtika mahsulotlarini 3 yil muddatga shartnoma tuzish orqali kafolatli xarid qilish mexanizmi joriy etiladi.
Bunda shartnomalarni tuzish boʻyicha tanlovlar avval respublika hududida ishlab chiqarilmagan, istiqbolda mahalliylashtiriladigan substansiyalar, dori vositalarining xalqaro patentlanmagan nomlari (bunday nom boʻlmagan taqdirda, mansub dori vositalari guruh nomlari), tibbiy buyumlar va tibbiy texnikalar roʻyxati doirasida amalga oshiriladi.
Sogʻliqni saqlash vazirligi va uning tizimidagi tashkilotlarga tuzilayotgan kafolatli xarid qilish shartnomalar doirasida oldindan boʻnak toʻlovlarini oʻtkazishga ruxsat beriladi.
Shuningdek, 2022-yil 1-apreldan mahalliy ishlab chiqaruvchi tashkilotlar tomonidan ishlab chiqariladigan yangi farmatsevtika mahsulotlarini davlat roʻyxatidan oʻtkazish cheklanmagan muddatga amalga oshiriladi, avval berilgan roʻyxatdan oʻtkazilganlik guvohnomalar, ularning amal qilish muddati tugaganidan soʻng qoʻshimcha hujjatlar talab qilinmasdan 15 kun muddatda amal qilishi muddatsiz boʻlgan guvohnomalarga almashtirib beriladi.
Farmatsevtika tarmogʻi va respublika sogʻliqni saqlash tizimidagi tashkilotlarni zarur amaliyotlar (GxP) talablariga muvofiq majburiy sertifikatlash muddatlari 2024-yil 1-yanvargacha uzaytiriladi.
2022-yil 1-fevraldan mahalliy ishlab chiqaruvchi tashkilotlarning farmatsevtika mahsulotlarini xorijiy davlatlarda roʻyxatdan oʻtkazish xarajatlarining 75%i ular roʻyxatdan oʻtkazilganligini tasdiqlovchi hujjat taqdim etilgandan soʻng Farmatsevtika tarmogʻini qoʻllab-quvvatlash va rivojlantirish jamgʻarmasidan qoplab beriladi.