Toshkent shahar hokimligi korxona, tashkilot va muassasalarning rahbarlariga murojaat bilan chiqdi.
Unda elektr taʼminotidagi uzilishlar natijasida Toshkent metropoliteni oʻz faoliyatini qisqa muddatga toʻxtatgani, shuningdek, shahar koʻchalaridagi svetoforlar ishida nosozliklar kuzatilayotgani aytilib, bir vaqtning oʻzida katta tirbandlikning oldini olish maqsadida, xodimlarga 15:30 dan keyin jadval asosida uyga javob berishini tavsiya qilgan.
Hozirda yuqoridagi nosozliklarni bartaraf etishga barcha kuchlar safarbar etilgan. Poytaxt hokimligi huzuridagi Vaziyatlar markazida tunu-kun ishlaydigan maxsus tezkor shtab faoliyati yoʻlga qoʻyildi, deyiladi xabarda.
Maʼlumot oʻrnida, ayni paytda Toshkent viloyatidagi Chorvoq, Xodjikent va Tovoqsoy gidroelektr stansiyalari, Navoiy viloyatidagi Navoiy issiqlik elektr stansiyasi, Qoraqalpogʻiston Respublikasidagi Taxiatosh issiqlik elektr stansiyasi hamda Fargʻona viloyatidagi Fargʻona issiqlik elektr markazi orqali energetika tizimiga quvvat uzatish boshlangan.