Prezident qaroriga koʻra, 2022-yil 1-yanvardan 2024-yil 1-yanvargacha QQS toʻlovchisi boʻlgan parrandachilik xoʻjaliklariga — oʻz xoʻjaliklarida yetishtirilib, sotilgan parranda goʻshtining har bir kilogrammi uchun subsidiya miqdori 2 500 soʻm etib belgilandi (ilgari 1000 soʻm edi).
Subsidiya QQSdan vaqtinchalik ozod qilish boʻyicha imtiyoz amalda boʻlgan davr uchun ham toʻlanadi.
Bundan oldin, goʻsht, kartoshka, oʻsimlik yogʻi kabi mahsulotlar importiga berilgan QQS imtiyozlari 2022-yil 30-aprelga qadar uzaytirilishi xabar berilgandi.
2022-yil 30-aprelga qadar quyidagilar QQSdan ozod qilinadi:
- Oʻzbekiston hududiga oʻsimlik yogʻi, kungaboqar va zigʻir urugʻi, shuningdek, soya danagini olib kirish;
- oʻsimlik yogʻini (paxta yogʻidan tashqari) ishlab chiqarish va (yoki) realizatsiya qilish boʻyicha aylanma;
- goʻsht (mol, qoʻy, tovuq), tirik hayvonlar (qoramol va parranda) va ularni soʻyishdan olingan mahsulotlarni, kartoshkani hamda muzlatilgan baliqni realizatsiya qilish boʻyicha aylanma, shuningdek, ularni mamlakat hududiga olib kirish.