“Aviaspottingni rivojlantirish uchun shart-sharoitlar yaratish chora-tadbirlari toʻgʻrisida"gi hukumat qarori qabul qilindi. Bu haqda Transport vazirligi axborot xizmati xabar bermoqda.
Qayd etilishicha, Oʻzbekistonning ijobiy imiji, turistik salohiyati va investitsiyaviy jozibadorligini oshirish, mamlakat aeroportlari va aviakompaniyalarini dunyo jamoatchiligiga tanitish maqsad qilingan.
Qarorga muvofiq 2022-yil 1-maydan boshlab Oʻzbekistondagi xalqaro aeroportlarda aviaspotting — belgilangan tartibga asosan aeroportlarda havo kemalari harakatini hamda parvozini kuzatish, shuningdek, ularni professional va havaskorlar (aviaspotterlar) tomonidan foto, video tasvirga olishni amalga oshirish yoʻlga qoʻyiladi.
Respublikadagi barcha xalqaro aeroportlar hududida ularning boshqaruv shaklidan qatʼi nazar, shuningdek, ularga tutash hududlarda parvozlar xavfsizligi talablari, Xalqaro aviatsiya tashkiloti (IKAO) tavsiyalari va ilgʻor xorijiy tajriba hisobga olingan holda, aviaspotting mashgʻulotlari uchun ixtisoslashtirilgan joylar bosqichma-bosqich ajratiladi.
Avvalroq Spot “Uzbekistan Airways” Sochiga muntazam qatnovlarni tiklaganligi haqida yozgan edi.