Alisher Usmonov va uning hamkorlariga tegishli boʻlgan USM Holding yangi — USM Gold tashkil etdi. Bu haqda RBK Rossiyadagi yuridik shaxslar reestriga tayanib yozmoqda.

Ayni paytda kompaniyaning yagona aktivi Xakasiyadagi oltin rudasi uchastkasini qidirish uchun litsenziyaga ega boʻlgan “Fedorovskoye” MChJ hisoblanadi. USM Gold kompaniyaning 75%iga, yana 25%i Rosgeologiya davlat kompaniyasiga tegishli.

OAV maʼlumotlariga koʻra, Usmonov xoldingi ilgari oltin qazib olish bilan shugʻullanmagan — ammo uning tarkibiga Rossiyadagi eng yirik temir rudasi ishlab chiqaruvchi “Металлоинвест”, shuningdek, mis konining operatori boʻlgan “Удоканская медь” kiradi. USM bu xabarga izoh berishdan bosh tortdi.

“Usmonov bu juda kamtarona loyiha uchun yangi tuzilma yaratgan boʻlishi dargumon”, dedi Geotexnologiyalar institutining rivojlanish boʻyicha direktori Mixail Leskov. — “Ehtimol, biz undan oltin sanoatida yanada jiddiy qadamlar kutishimiz kerak”.

Tahlilchilarning taʼkidlashicha, sarmoyadorlarning oltinga boʻlgan qiziqishining oshishi valyuta risklarining oʻsishidan dalolat beradi. Odatda, qimmatbaho metallning narxi tovar bozorlarida turgʻunlik davrida koʻtariladi.

Milliy reyting agentligining boshqaruvchi direktori Sergey Grishunin 2008-yilda oltin aktivlarini sotib olgan “Severstal” misoliga ishora qildi. Uning garovi oʻzini oqladi — ular asosida Nordgold xalqaro kompaniyasi paydo boʻldi.

Oltin dunyoda inflyatsiyaning yaqinlashib kelayotgan toʻlqini fonida qadrlanmagan aktiv boʻlib qolmoqda, shuning uchun oltin qazib olish biznesini sotib olish mudofaa strategiyasiga oʻxshaydi, deydi Grishunin.

Ehtimol, USM Gold nafaqat oltin aktivlarini sotib olish, balki qazib olingan oltin bilan operatsiyalar bilan ham shugʻullanadi. Mixail Leskovning qayd etishicha, USMga tegishli “Удоканская медь” kondan koʻplab bogʻlangan oltin oladi.

Dekabr oyi boshida USM bosh direktori kompaniyani “yashil” metallurgiya loyihalariga yoʻnaltirish niyatini eʼlon qildi. Buning uchun xolding VKdagi ulushlaridan chiqdi.

Avvalroq Spot Alisher Usmonov nega misni “yangi oltin” deb bilishi haqida xabar bergan edi.


USM kompaniyalar guruhi konchilik va metallurgiya ((“Удоканская медь”, “Металлоинвест”), shuningdek, aloqa va IT (“Мегафон”, ICS Holding) sohasidagi aktivlarni birlashtiradi. USMning asosiy aksiyadori milliarder Alisher Usmonov hisoblanadi.