Bugungi kunda respublikamizda totalizator va bukmeykerlik faoliyatini amalga oshirish va reklama qilish noqonuniy hisoblanadi. Shu maqsadda oʻtkazilgan 1 105 ta oʻrganishlarda 102 ta ta holatda bunday xizmatlar reklamasi aniqlangan va ularning barchasi bartaraf etildi. Bu haqda Isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish agentligi maʼlum qildi.
Qayd etilishicha, Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi bilan hamkorlikda 30 dan ortiq totalizator va bukmeykerlik reklamasini noqonuniy ravishda yurituvchi saytlarga kirish cheklab qoʻyildi.
Shuningdek, savdo va umumiy ovqatlanish obyektlari tashqi va ichki qismida reklama qilinishi taqiqlangan mahsulotlarga, tamaki, alkogol, elektron sigaret, pivo va boshqa reklama-axborotlarini joylashtirish holatlari boʻyicha olib borilgan 2 611 ta oʻrganishlar davomida 1 ming 71 ta holatda aniqlangan kamchiliklar bartaraf qilingan. Shuningdek, daraxtlarga oʻrnatilgan 3 416 ta noqonuniy reklama va eʼlonlar olib tashlanishi taʼminlangan.
2021-yilda nohalol raqobatga va notoʻgʻri reklamaning oldini olish maqsadida 27 mingga yaqin oʻrganish oʻtkazilib, 15 ming 486 holatda kamchilik aniqlandi va bartaraf etildi.
Bundan tashqari, moddiy madaniy merosning 386 ta koʻchmas mulk obyektlarida tashqi reklamani joylashtirish boʻyicha oʻrganishlar olib borilganda. Natijada 25 dan ortiq holatda ruxsatsiz reklama joylashtirilganligi aniqlangan va ularga nisbatan tegishli choralar koʻrilgan.
Shu bilan birgalikda notoʻgʻri reklama oqibatida sotib olingan tovar (ish, xizmat) tufayli isteʼmolchiga 146 mln soʻm miqdorda yetkazilgan ziyon toʻliq hajmda qoplanib berildi.