Ilon Mask Tesla kompaniyasining yil yakunlari boʻyicha hisoboti davomida kadrlar yetishmasligi muammosini hal qilish uchun robotlardan foydalanishini maʼlum qildi, deb xabar bermoqda Bloomberg.

Maskning aytishicha, Optimus robot biznesi Tesla uchun “avtomobil biznesidan koʻra muhimroq boʻlishi mumkin”.

Hisobotda kompaniya taʼminot zanjirlari bilan bogʻliq muammo va ishchilar yetishmasligi zavodlar quvvatiga taʼsir qilishi mumkinligini taʼkidladi. Shu bois kompaniya elektromobillarning yangi modellarini ishlab chiqarmaydi, balki ishlab chiqarishni kengaytirishga eʼtibor qaratadi.

Shuningdek, Ilon Mask 2021-yilda robot ishlab chiqarilishini eʼlon qilgan edi. Uning boʻyi taxminan 173 sm, vazni — 57 kg boʻladi. Robot 8 km/soat tezlikda yura oladi va 20 kg gacha boʻlgan narsalarni koʻtara oladi. U “dunyoni taniydigan va unda qanday harakat qilishni tushunadigan” neyron tarmoqlar yordamida ishlashi rejalashtirilgan.

Avvalroq Ilon Mask raketalarni tutib oladigan maxsus minorani namoyish qilgan edi.