Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi avtomobil bozorida savdolar oʻzgarishini tahlil qildi.

Unga koʻra, 2021-yilda respublika boʻyicha 691,9 mingta avtotransport vositalari oldi-sotdisi amalga oshirilgan boʻlib, bu oʻtgan yilga nisbatan 12,5%ga koʻp (2020-yilda 614,9 ming). Shundan, 28,1%i yangi yengil avtomobillar hisoblanadi (13,6 mingtasi yoki 7%i chet elda ishlab chiqarilgan).

Qayd etish kerakki, koronavirus pandemiyasi sababli yuzaga kelgan global mikrochip tanqisligi tufayli 2021-yil yanvar-noyabr oylari davomida oyiga 12−20 ming dona yangi yengil avtomobillar yetkazib berilgan boʻlsa, dekabr oyiga kelib ushbu koʻrsatkich 27,2 minggacha oshdi.

Hududlar kesimida yillik eng yuqori oʻsish surʼatlari Samarqand (30,9%), Surxondaryo (29,4%), Namangan (27,9%) viloyatlari va Toshkent shahriga (19,9%) toʻgʻri keldi.

Navoiy (9,7%), Sirdaryo (9,4%), Toshkent (3,2%) viloyatlarida avtomobillar xaridi kamaydi.


2021-yilda chet elda ishlab chiqarilgan yangi yengil avtomobillar savdosi oshib bordi. Yilning birinchi yarmida 4,7 ming dona yengil avtomobillar sotilgan boʻlsa, ikkinchi yarim yillikda savdo hajmi 8,9 mingga (1,9 barobar koʻp) yetdi.

Chet elda ishlab chiqarilgan yengil avtomobillarning asosiy qismi Toshkent shahrida (58,4%) sotilgan.

Chet elda ishlab chiqarilgan yengil avtomobillarning sotilishi boʻyicha keyingi oʻrinlarni Fargʻona (12,4%), Toshkent (7%) va Samarqand (4,7%) viloyatlarida egalladi.

Eng kam oldi-sotdi operatsiyalari Surxondaryo (0,5%) va Sirdaryo (0,7%) viloyatlarida kuzatildi.

Avvalroq Spot 2021-yilda xorijdan 27 mingta “inomarka” olib kirilganligi haqida yozgan edi.