“Oʻzbekiston ipotekani qayta moliyalashtirish kompaniyasi” AJ xabariga koʻra, Oʻzbekistonda ipoteka bozorini takomillashtirish maqsadida Moliya vazirligi va Osiyo taraqqiyot banki hamkorligida Oʻzbekistonda ipoteka bozorini rivojlantirish dasturi va uni 2019−2021-yillarda amalga oshirish konsepsiyasiga muvofiq, dasturning asosiy vazifalaridan biri etib Oʻzbekiston prezidentining 2019-yil 13-maydagi PQ-5715-sonli qarori ilovasi bilan belgilangan yoʻl xaritasiga asosan “Oʻzbekiston ipotekani qayta moliyalashtirish kompaniyasi"ni taʼsis etish va faoliyatini yoʻlga qoʻyish hisoblanadi.

Dasturga muvofiq, kompaniya faoliyatini boshlash uchun dastlabki bosqichda Osiyo taraqqiyot bankining $150 mln miqdoridagi qarz mablagʻlari tijorat banklarining maqbul ipoteka kreditlari portfelini qayta moliyalashtirish uchun ajratilishi koʻzda tutilgan boʻlib, ushbu resurslarni bosqichma-bosqich 2023-yilning birinchi choragi yakuniga qadar oʻzlashtirish rejalashtirilgan.

“Biroq, aholining ipoteka krediti hisobiga ikkilamchi bozordan uy-joy sotib olishga boʻlgan katta qiziqishi hamda tijorat banklari tomonidan aholining ushbu talabini qondirish maqsadida faol kreditlar ajratishi natijasida, dasturda nazarda tutilgan mablagʻlar muddatidan avval, yaʼni 2022-yilning birinchi choragi davomida oʻzlashtirib boʻlinishi kutilmoqda.

Bu haqda tijorat banklari 2021-yilning dekabr oyida, dastur boʻyicha qoldiq mavjud resurslar doirasida yetarlicha maqbul ipoteka krediti portfellari shakllantirishi lozimligi yuzasidan Kompaniya tarafidan yozma ravishda xabardor qilingan edi.

Bugungi kunda kompaniya Moliya vazirligi va boshqa institutlar bilan birgalikda, shu jumladan, xalqaro tashkilotlar bilan ham, ipoteka kreditlarini qayta moliyalashtirish maqsadida resurslarni jalb qilish boʻyicha faol ravishda tegishli ishlarni olib bormoqda.

“Yuqoridagilarni inobatga olib, shuningdek, moliyalashtirish manbalari aniqlangunga qadar, kompaniya ikkilamchi bozordan uy-joy sotib olish uchun ajratiladigan maqbul ipoteka kreditlarini qayta moliyalashtirishni vaqtinchalik toʻxtatib turibdi”, deyiladi rasmiy maʼlumotda.

Bildirilishicha, banklar maqbul ipoteka kreditlarini qayta moliyalashtirish ishlari tiklanganligi toʻgʻrisida kompaniya tomonidan tegishli ravishda kelajakda xabardor qilinadi.