Prezident qaroriga koʻra, 2022-yil 1-apreldan boshlab, qishloq joylarda antenna-machta metall konstruksiyalari, ularga oʻrnatilgan va ularning ajralmas qismi boʻlgan konstruksiyalar hamda ular egallagan yer uchastkalari yuridik shaxslarning mol-mulkiga solinadigan soliqdan va yuridik shaxslardan olinadigan yer soligʻidan ozod etiladi.
Qarorga asosan, quyidagilar 2022-yil 1-fevraldan 2025-yil 10-yanvarga qadar bojxona bojidan ozod etiladi:
- ovoz, tasvir yoki boshqa maʼlumotlarni uzatish yoki qabul qilish apparaturasi, shu jumladan, simli yoki simsiz aloqa tarmoqlarida kommunikatsiya uchun apparatura;
- maʼlumotlarni saqlovchi qurilmalar: optik tashuvchilar, yarim oʻtkazgichli tashuvchilar;
- proyektorlar, karnaylar, quloqchinlar;
- telekommunikatsiya operatorlari va provayderlari tomonidan telekommunikatsiya infratuzilmasini joriy etish loyihalari doirasida Oʻzbekiston Respublikasida ishlab chiqarilmaydigan, belgilangan tartibda shakllantirilgan roʻyxat boʻyicha olib kiriladigan texnologik uskunalar, materiallar, dasturiy taʼminot va ehtiyot qismlar.
Mol-mulk soligʻini hisoblashda yer uchastkalarida oʻrnatilgan antenna-machta metall konstruksiyalari hamda ularga oʻrnatilgan va ularning ajralmas qismi boʻlgan konstruksiyalar (tortqilar, atrofni oʻrovchi devorlar, yuk koʻtarish moslamalari, chaqmoqdan himoya qilish tizimlari, yerga ulash qurilmalari, signal-yoritish tizimlari, qoʻriqlash signalizatsiyasi va videokuzatuv tizimlari) koʻchmas mulk sifatida qaraladi.
Bundan tashqari, 2022-yil 1-apreldan boshlab:
- radiochastota spektridan foydalanuvchilarga radiochastota organlarining tegishli ruxsatnomalariga asosan radiochastota spektridan birgalikda foydalanish huquqi beriladi;
- Dasturiy mahsulotlar va axborot texnologiyalari texnologik parki direksiyasiga uning rezidentlari tomonidan har oy oʻtkaziladigan ajratmalar miqdori, ular tomonidan eksport qilingan axborot texnologiyalari xizmatlarining bir yillik hajmi $10 mln dan oshganda 25% ga, $20 mln dan oshganda 50% ga pasaytiriladi.