Davlat statistika qoʻmitasi maʼlumotlariga koʻra, 2022-yil yanvar oyida isteʼmol bozorida tovar va xizmatlar oʻrtacha 0,9% ga qimmatlashgan.
Yillik koʻrsatkichda (2021-yil yanvariga nisbatan) isteʼmol sektorida narxlar oʻsishi 9,8%ni tashkil etdi.
2022-yilning birinchi oyi yakunlari boʻyicha narxlar va tariflar oʻsishida yetakchi oʻrinlarni oziq-ovqat mahsulotlari egallab, narxlari oʻrtacha 1,3% ga oshdi. Shu davrda nooziq-ovqat tovarlari 0,5% ga, aholiga pullik xizmatlar 0,7% ga oshdi.
2021-yil yanvar oyida oylik narxlarning eng yuqori oʻsishi pullik xizmatlar (1,4%) va oziq-ovqat mahsulotlarida (1,2%) qayd etildi, nooziq-ovqat mahsulotlari esa atigi 0,5% ga qimmatlashdi.
2022-yil yanvar oyida anʼanaviy ravishda meva-sabzavot mahsulotlari oylik narxlarning oshishida yetakchilik qildi. Mevalar narxi 2021-yil oxiriga nisbatan 3,1% ga, sabzavotlar 5,8% ga qimmatlashdi. Goʻsht mahsulotlari esa, aksincha, oy davomida biroz arzonlashdi (0,4%).