UzAuto Motors kompaniyasi rasmiy bayonot bilan chiqdi. Unda aytilishicha, 7-fevral kuni ijtimoiy tarmoqlarda General Motors 2022-yil avgust oyida Chevrolet Spark avtomobili ishlab chiqarilishini toʻxtatishi haqida xabarlar tarqalgan. Baʼzi manbalarda esa, bu xabar Oʻzbekistonda Spark avtomobili ishlab chiqarilishi toʻxtatildi deb izohlangan.
“UzAuto Motors kompaniyasi ushbu xabar Oʻzbekiston avtomobil ishlab chiqarish rejasiga taalluqli emasligini rasman maʼlum qiladi”, deyiladi bayonotda.
Kompaniya oriy yilning iyul oyida Oʻzbekistonda Tracker avtomobili ishlab chiqarilishi rejalashtirilganligini, Chevrolet Spark avtomobili ishlab chiqarilishining toʻxtatilishi rejalashtirilmaganligini eslatib oʻtgan.
Ishlab chiqarishning qisqarishi
Davlat statistika qoʻmitasi maʼlumotlariga koʻra, 2021-yilda UzAuto Motorsʼning aksariyat modellarini ishlab chiqarish qisqargan. Oʻtgan yilning 9 oyida chiqarilgan Nexia avtomobillari shu davrga nisbatan 3,2 barobar, Spark 2,9 barobar kamaygan.
Cobalt va Lacetti-Gentra ishlab chiqarish ¼ ga kamaygan. Xususan, 2021-yilning avgust oyida atigi 2 ta Lacetti konveyerdan chiqdi. Kompaniya buni yangi ishlab chiqarish platformasini ishga tushirish boʻyicha ishlarni olib borish bilan izohladi (garchi u avvalroq ish yetkazib berish jadvaliga taʼsir qilmasligiga vaʼda bergan boʻlsa ham).
Sentyabr oyida UzAuto Motors kompaniyasi Lacetti va Spark ishlab chiqarish qayta tiklangani haqida xabar bergan edi. Bundan tashqari, kompaniya har oyda qoʻshimcha 1000 dona Lacetti ishlab chiqarishni tashkil qildi. UzAuto Motors yigʻilgan navbatlarni kamaytirishga vaʼda berdi, biroq ular oʻsishda davom etdi.
Yaqin vaqtgacha Damas tanqis boʻlmagan yagona asosiy model edi.
UzAuto Motors va mikrosxemalarning yetishmasligi
Avvalroq UzAuto Motors ishlab chiqarishning qisqarishini yarimoʻtkazgichlar taqchilligi va ularni yetkazib berishdagi kechikishlar bilan izohlagan edi. Bundan tashqari, kompaniya goʻyoki bir kishi avtomobil sotib olish uchun 10, 20 va hatto 200 ta shartnoma tuzadigan koʻplab holatlarni aniqlagan.
Fursatdan foydalanib, ayrim “qoʻli toza boʻlmagan” subyektlar tomonidan spekulyativ vaziyatlar yaratilib, noqonuniy xatti-harakatlarga yoʻl qoʻyilmoqda, ularga qarshi “Oʻzavtosanoat” faol kurash olib bormoqda", — deya izoh berdi kompaniyadagi vaziyat haqida.
Biroq, bu xabardan keyin navbatlar koʻpaydi.
Kompaniyaning har bir avtomobilida yarimoʻtkazgichlardan foydalanadigan 100 dan 300 tagacha komponentlar mavjud. GM har hafta yarimoʻtkazgichlarni butun dunyo boʻylab tarqatadi.
Jarayon toʻrt bosqichga boʻlingan — ishlab chiqaruvchidan tarqatish shtab-kvartirasigacha, ulardan yetkazib beruvchilarga va keyin avtomobil zavodiga. Umumiy hisobda UzAuto Motors 67 ta butlovchi qism uchun 38 ta yetkazib beruvchi xizmatidan foydalanadi.
Yarim oʻtkazgichlar taqchilligi davom etayotgani bois deyarli tayyor boʻlgan Lacetti avtomobillarini “Oʻzdonmahsulot” omboriga joʻnatishga toʻgʻri keladi, chunki zavodda mashinalarga boʻsh joy qolmadi. Bundan tashqari, Cobaltʼni kutayotgan mijozlarga avtomobilni isitish oʻrindigʻi modulisiz taklif etdi.
Oktyabr oyi oxirida UzAuto Motors mijozlarni avtomobillarni yetkazib berish kechikishi haqida ogohlantirgan edi, oktabr-noyabr oylarida Labo va Lacetti yetkazib berish boʻyicha shartnoma imzolagan xaridorlar yana ikki oy kutishlariga toʻgʻri keladi.