Oʻzbekistonda bank kartalaridan foydalangan holda firibgarlik holatlari koʻpaymoqda, deya ogohlantirdi IIV matbuot kotibi polkovnik Shuhrat Gʻiyosov.
Maʼlumotlariga koʻra, 2021-yilda 2700 dan ortiq oʻzbekistonlik onlayn firibgarlar qurboniga aylangan. Muntazam ogohlantirishlarga qaramay, koʻplab karta egalari beparvolik bilan buzgʻunchilarga ishonishadi va pullarini yoʻqotadilar.
Karta bilan bogʻlangan SMS-xabarlarning xavfsizlik kodlarini hech kimga aytib boʻlmaydi. Hech kim bu kodlarni talab qilishga haqli emas.
“SMS kodlari faqat firibgarlar tomonidan soʻraladi. Sizdan SMS-kod soʻragan odam firibgardir”, deb taʼkidladi Gʻiyosov.
Ichki ishlar vazirligi oʻzbekistonliklarni hushyor boʻlishga, pullarini firibgarlarga bermaslikka chaqiradi, deya xulosa qildi u.
Bungacha Markaziy bank firibgarlarga qarshi kurashish boʻyicha tavsiyalar bilan oʻrtoqlashdi. Xususan, regulyator SMS orqali olingan kodlarni, shuningdek, shaxsiy maʼlumotlarni hech qachon hech kimga aytmaslikka chaqirdi.
Shuningdek, UZCARD foydalanuvchilarni firibgarlik sxemalari haqida ogohlantirdi. Bank yoki toʻlov tizimi nomidan daʼvo qilingan har qanday shubhali xabar — masalan, karta maʼlumotlari yoki bir martalik parolni taqdim etish soʻrovi — firibgarlarning belgisidir, deya taʼkidladi u.
Eslatib oʻtamiz, avvalroq Spot Zafar Hoshimov oʻz nomi ortida yashiringan soxta “fond” haqida ogohlantirgani haqida xabar bergan edi.