Prezident Shavkat Mirziyoyev 10-fevral kuni Samarqand shahriga keldi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar bermoqda.

Davlat rahbari Samarqand xalqaro aeroportida yaratilayotgan sharoitlarni koʻzdan kechirdi.

Qayd etilishicha, bu “havo darvozasi” qariyb $83 mln dollarlik loyiha evaziga yangidan qurilmoqda. Oʻtgan yili uchish-qoʻnish yoʻlagi qayta qurilgan edi. Bugungi kunda yangi terminal toʻliq tiklanib, pardozlash ishlari olib borilmoqda. Yoʻl, avtoturargoh va yoritish ustunlari barpo etilmoqda.

“Mirzo Ulugʻbekning buyuk merosi Samarqandning timsoliga aylangan. Shu bois yangi aeroport binosi alloma bobomizning „Ziji jadidi Koʻragoniy“ kitobi shaklida barpo etilgan. Terminalning eni 175, balandligi 25 metr. Bir soatda 800 nafar yoʻlovchiga xizmat koʻrsatish quvvatiga ega boʻladi”, deyiladi xabarda.

Maʼlum qilinishicha, aeroportda “ochiq osmon” rejimi qoʻllaniladi, kargo xizmati ham yoʻlga qoʻyiladi. Yangi terminal kelgusi oyda foydalanishga topshiriladi.