Oʻzbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 10-fevral kuni Samarqand viloyatiga tashrif buyurib, hududdagi amalga oshirilishi rejalashtirilgan yangi loyihalar taqdimoti bilan tanishdi.

Davlat rahbari Samarqandda tirbandliklarni kamaytirish va bartaraf etish uchun ilmiy-amaliy markaz qurish kerakligini taʼkidlagan.

“Shaharda tezlikni kamaytirib, tirbandliklarni bartaraf etish kerak. Avariyalar oqibatida koʻpgina insonlar halok boʻlmoqda”, — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Shuningdek, “Daryo"ning xabar berishicha, Prezident Samarqandda tramvay bor ekanini alohida qayd etib oʻtgan. “Tramvayni Toshkentga ham qaytarmoqchimiz. Fuqarolardan bu borada koʻplab xatlar va murojaatlar kelyapti”, — deydi Shavkat Mirziyoyev.

Prezident Samarqandda yangi qurilgan yer osti tonneli, yoʻllarni koʻzdan kechira turib, xavfsiz yoʻl, xavfsiz piyoda konsepsiyasini yaratish haqida soʻzlagan va yaqinda Toshkentda tezlik koʻpi bilan 60 kilometr/soatgacha belgilanishi haqidagi qaror chiqishi aytib oʻtgan.