“Uzbekistan Airways” AJ uzoq masofaga uchishga moʻljallangan birinchi Airbus A321LR havo kemasini qabul qilib oldi. Bu haqda Transport vazirligi axborot xizmati xabar bermoqda.
Qayd etilishicha, shu tariqa “Uzbekistan Airways” AJ Airbusʼning ushbu rusumdagi layneriga ega Markaziy Osiyodagi birinchi operatorga aylandi.
Ushbu samolyot 188 yoʻlovchiga (biznes-klassdagi 16 oʻrin, ekonom klassida 172 oʻrin) moʻljallangan va CFM International LEAP-1A dvigatellari bilan jihozlangan.
A321LR — bu A320neoʻning uzoq masofaga uchishga moʻljallangan versiyasi boʻlib, koʻproq yonilgʻi saqlash uchun uchta qoʻshimcha markaziy bak tufayli 7400 km gacha parvozlarni amalga oshira oladi.
Avvalgi avloddagi samolyot rusumlari bilan solishtirganda, modelning yonilgʻi sarfi, CO2 chiqindilari va har bir oʻrindiq uchun foydalanish xarajatlari 30% ga kamayadi.
Bugungi kunga qadar butun dunyo boʻylab 300 dan ortiq mijozlarga 10 000 dan ortiq A320 samolyotlari yetkazib berilgan.
Avvalroq Spot “Red Wings” aviakompaniyasi Yekaterinburgdan Samarqandga parvozlarni yoʻlga qoʻygani haqida yozgan edi.