“Anhor” bogʻi E-auksion sayti tarixidagi eng qimmat lotga aylandi. Auksion savdosi 18-martga belgilangan.
Ilgari “Anhor-Lokomotiv” nomi bilan mashhur boʻlgan bogʻ Toshkent shahrining Shayxontohur tumanida 8,35 gektar maydonda joylashgan. U 2016-yil avgust oyida ochilgan.
Bogʻdagi binolar 1,79 gektar maydonni egallaydi va binolarning umumiy foydali maydoni 41,4 ming kvadrat metrni tashkil qiladi. Unda barcha kommunikatsiyalar bor — elektr energiya, gaz, suv, kanalizatsiya.
Park attraksionlar va qurilish binolari bilan birga sotiladi. Obyekt sotuvchisi yuridik shaxs — “Anhor Sayli” kompaniyasi hisoblanadi.
Parkning bir qismi (1821 kvadrat metr) hozirda buzilmoqda, deya koʻrsatilgan lot tavsifida.
Lotning boshlangʻich bahosi — 376,48 mlrd soʻm. Auksion 18-mart kuni soat 10:00 da boshlanadi, arizalar shu sananing soat 9:00 gacha boʻlgan muddatida qabul qilinadi.
Bu E-auksiondagi eng qimmat lot — nafaqat ayni paytda, balki onlayn auksionlar boshlanganidan beri ham. Avvalgi rekord 2021-yil yanvarida 242,8 milliard soʻmga sotilgan sobiq “Toshkent savdo markazi” binosiga tegishli edi.
Avvalroq Spot MIB Nukus koʻchasidagi binoning bir qismini 11,3 milliard soʻmga sotuvga qoʻygani haqida xabar bergan edi.