Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi avtomobil bozorida savdolar oʻzgarishini tahlil qildi.

Qayd etilishicha, 2022-yil yanvar oyida 113,2 ming dona avtotransport vositalari davlat roʻyxatidan oʻtkazildi, va oʻtgan yilning yanvariga nisbatan 126,4% ga, 2020-yil yanvar oyiga nisbatan esa 138,4% ga koʻpaydi. Shu bilan birga 2021-yilning dekabriga nisbatan oʻsish surʼati 96,5% ni tashkil etdi.

Ekspertlar avtomobillarni roʻyxatdan oʻtkazishlar sonining keskin darajada oʻsishini 2022-yil 1-yanvardan avtotransport vositalarini sotib olganlik uchun yigʻimning toʻliq bekor qilinishi hamda oldi-sotdi shartnomasini notarial rasmiylashtirish uchun undiriladigan davlat bojini bazaviy hisoblash miqdorining 3 barobari miqdorida belgilanishi bilan izohlashmoqda.


Joriy yilning yanvar oyida birlamchi bozordan sotib olingan avtomobillar soni 27,9 mingtani tashkil etgan. Yil boshidan buyon avtomobillar savdosi 2021-yil dekabr oyiga nisbatan 2,7% ga oshdi.

Bozorning oʻsishi asosan foydalanilgan avtomobillarni sotish va sotib olish hisobiga taʼminlandi. Ikkilamchi bozorda xarid qilingan avtomobillar soni 85,3 mingtaga (oʻsish 180,2%) yetdi.

Ma’lumot uchun, Shavkat Mirziyoyev “Oʻzavtosanoat"ga 1-mayga qadar avtomobil uchun oldindan toʻlov miqdorini 50% gacha pasaytirish va navbatlarni toʻliq bartaraf etish vazifasini qoʻydi.