Transport vazirligi axborot xizmati xabar berishicha, 18 va 2- fevral kunlari Rossiyadan Oʻzbekistonga maxsus yoʻlovchi poyezdi qatnovi amalga oshiriladi.
Qayd etilishicha, Rossiyadagi oʻzbekistonliklarga mamlakatga kelishi uchun qulaylik yaratish maqsadida joriy yil fevral oyida “Oʻzbekiston temir yoʻllari” AJ tomonidan “Voljskiy — Toshkent” yoʻnalishida 483-sonli maxsus yoʻlovchi poyezdining ikki marotaba qatnovi amalga oshiriladi.
Ushbu poyezdlar 2022-yil 18 va 25-fevral kunlari soat 20:50 da “Voljskiy” temir yoʻl vokzalidan harakatini amalga oshiradi.
Mazkur poyezdga faqat bir tomonga, yaʼni “Voljskiy — Toshkent” yoʻnalishiga chiptalar sotiladi. Chiptalarni elektron tarzda ham sotish yoʻlga qoʻyilgan.
Rossiyadagi oʻzbekistonliklarning yaqinlari Oʻzbekistonda turib, ularning shaxsini tasdiqlovchi hujjatining nusxasi bilan “Oʻzbekiston temir yoʻllari” AJ veb-sayti orqali e-ticket.railway.uzʼdan chiptalarni elektron tarzda xarid qilib olib, joʻnatishi ham mumkin.
Avvalroq Spot “Qoʻngʻirot — Namangan — Andijon — Qoʻngʻirot” yoʻnalishida poyezdlar qatnovi yoʻlga qoʻyilishi haqida yozgan edi.