IIV huzuridagi Tergov departamentining maʼlum qilishicha, Toshkent viloyatining Oʻrta Chirchiq tumanida bankomatni oʻgʻirlab, daryoga tashlab yuborgan guruh qoʻlga olindi.
“Kapitalbank"ga tegishli boʻlgan, Oʻrta Chirchiq tumani Toshkent yoʻli koʻchasiga oʻrnatilgan, bahosi 145 mln soʻmlik bankomat 2022-yilning 25-yanvaridan 26-yanvariga oʻtar kechasi nomaʼlum shaxslar tomonidan oʻgʻirlab ketilgan.
Mazkur holat yuzasidan Oʻrtachirchiq tumani IIB huzuridagi Tergov boʻlimi tomonidan Jinoyat kodeksning 169-moddasi 4-qismi “a” bandi (Oʻgʻirlik) bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, olib borilgan tezkor-tergov harakatlari natijasida bankomatni Oʻrta Chirchiq tumanida yashovchi, 22 yoshli S.N. va 23 yoshli Yu.D. hamda 24 yoshli E.A. bir guruh boʻlib oʻgʻirlagani aniqlangan.
Tergov davomida qonunbuzarlar bankomatni temir jism yordamida buzib ochishgani, biroq uning ichida pul boʻlmaganligi sababli bankomatni Bektemir tumani hududidan oqib oʻtuvchi Chirchiq daryosiga tashlab yuborishganini aytib berishgan.
Tergov departamentning axborot xizmati ayni paytda ushbu shaxslarning boshqa jinoyatlarga aloqadorligi tekshirilayotgani haqida xabar bergan.
Avvalroq Spot bankomat ishlamay qolishining sabablari va muammoli vaziyatlarda nima qilish kerakligi haqida yozgan edi.