Shvetsiyaning Sigma Software kompaniyasi oʻzining ishlab chiqarish ofisini ochadi va Oʻzbekistonda taʼlim loyihasini ishga tushiradi, deyiladi kompaniya saytida.
Kompaniya keng miqyosda mutaxassislarni ishga olish haqida eʼlon qiladi, unga koʻra Toshkentdagi ofisda ham yoki Oʻzbekistonning istalgan nuqtasidan ham masofadan turib ishlash mumkin boʻladi. Shuningdek, Sigma Software kompaniyasi Toshkentdagi Inha universitetida oʻquv laboratoriyasini ishga tushirishni rejalashtirmoqda.
“Oʻzbekiston ulkan salohiyatga ega va hozirda davlat darajasida IT-sanoat va innovatsiyalar sohasida ambitsiyani namoyish etmoqda. Oʻylaymanki, bu rivojlanish va hamkorlik uchun yaxshi vaqt. Sigma Software ishlab chiqish boʻlimi mavjud boʻlgan har bir shaharda biz IT sohasidagi tajribamiz bilan oʻrtoqlashamiz, universitetlar bilan hamkorlik qilamiz, hamjamiyatni qoʻllab-quvvatlaymiz va oʻz tadbirlarimizni oʻtkazamiz”, — deydi Sigma Software bosh direktori Valeriy Krasovskiy. “Ishonchim komilki, mahalliy hamkorlar bilan birgalikda biz mahalliy hamjamiyatni mustahkamlay olamiz, unda yuqori darajadagi dasturchilar va startaplar rivojlanadi”.
Kompaniya jadal rivojlanayotgan Markaziy Osiyo IT bozorini strategik yoʻnalish deb hisoblaydi. Sigma Software Oʻzbekistonda nafaqat biznes-jarayonlarni, balki taʼlim platformasini ham oʻrnatishga, shuningdek, oʻz resurslarini yangi EdTech loyihalariga sarmoya qilishga hamda yosh va tajribali muhandislarning tajribasini rivojlantirishga tayyor.
Kompaniyaning Oʻzbekiston bozoriga kirishi 5-mart kuni boʻlib oʻtishi rejalashtirilgan Open Tech Day texnologik konferensiyasidan boshlanadi. Uning doirasida oltita yevropalik IT-mutaxassis taqdimot qiladi.
Avvalroq Spot Wildberries Oʻzbekistonda sotuvni yoʻlga qoʻygani va Toshkentda birinchi qabul qilish punktini ochgani haqida yozgan edi.
Maʼlumot uchun, Sigma Software (2014 yilgacha — Eclipse Software Programming) Shvetsiyada joylashgan dasturiy taʼminot ishlab chiqish va IT-konsalting kompaniyasi hisoblanadi. 2002-yilda ukrainalik tadbirkorlar tomonidan yaratilgan va 2006-yilda Shvetsiya Sigma guruhiga qoʻshilgan. Kompaniyaning AQSh, Avstriya, Buyuk Britaniya, Avstraliya, Kanada va Polshada vakolatxonalari mavjud.