Oʻzbekiston Xitoyning BYD kompaniyasi bilan elektromobillar ishlab chiqarishda hamkorlik qilmoqchi. Bu haqda “Oʻzavtosanoat” rahbari oʻrinbosari Aziz Shukurov oʻzining LinkedInʼdagi sahifasida yozdi.
Xabarda aytilishicha, 16-fevral kuni konsern Xitoydan kelgan kompaniya bilan hamkorlik memorandumini imzolagan.
“Bu elektromobillar kelajagi sari birinchi qadamdir”, — dedi Shukurov memorandum haqida toʻxtalib.
U kompaniyalar oʻrtasidagi hujjat tafsilotlarini keltirmadi. “Oʻzavtosanoat” matbuot xizmati bu haqda izoh berishdan oʻzini tiydi, biroq maʼlumotlarni keyinroq eʼlon qilishga vaʼda berdi.
Bundan ikki kun avval Shavkat Mirziyoyev avtomobilsozlik masalalariga bagʻishlangan yigʻilishda elektr transporti boʻyicha qator topshiriqlar bergan edi. Xususan, prezident yil oxirigacha elektromobillar ishlab chiqarishni yoʻlga qoʻyishga yordam beradigan strategik sherik topish boʻyicha topshiriq berdi.
Bundan tashqari, 3 oy ichida ushbu sohani rivojlantirish strategiyasi ishlab chiqilishi kerak. Bunda materiallar va butlovchi qismlarni mahalliylashtirish, elektr transport vositalari uchun standartlar va talablar hisobga olinishi kerak.
Oʻzbekistonda elektromobillar
Oʻzbekistonda elektromobillar importiga boʻlgan talabni ragʻbatlantirish maqsadida imtiyozlar joriy etilgan, avtoulovlar bojxona toʻlovlari, aksiz soligʻi va avtotransport bojlari toʻlashdan ozod etilgan.
Shuningdek, Davlat Yoʻl harakati xavfsizligi inspeksiyasi tomonidan elektromobillar uchun maxsus “yashil” raqamlar berila boshlandi. Kelgusida ular shaharlarning markaziy qismlariga kirishda, shuningdek, roʻyxatdan oʻtish va texnik koʻrikdan oʻtishda imtiyozlar berilishi kutilmoqda.
Infratuzilma talab bilan birga rivojlanadi. Plugshare maʼlumotlariga koʻra, hozirda Oʻzbekistonda 33 ta elektr stansiyasi faoliyat koʻrsatmoqda. Baʼzi kompaniyalar buni oʻz profilining bir qismi sifatida amalga oshiradilar (Tok Bor, Megawatt Motors), boshqalari uchun bu qoʻshimcha xizmatdir (Makro).
Soʻnggi yillarda Oʻzbekistonda elektromobillar ishlab chiqarishni tashkil etish boʻyicha qator tashabbuslar ilgari surilmoqda. Ular orasida “Oʻzavtosanoat” korxonalarini elektromobillar ishlab chiqarishga oʻtkazish loyihasi ham bor.
Hozircha amalga oshirishga eng yaqin narsa bu Fargʻonadagi loyiha boʻlib, sentyabr oyida eʼlon qilingan edi. Sinov partiyasi dekabr oyida konveyerdan chiqariladi va seriyali ishlab chiqarish 2022-yilda boshlanishi vaʼda qilingan. Zavod yiliga 10 mingtagacha avtomobil ishlab chiqarishi rejalashtirilmoqda.