E’tibor qarating: quyida keltirilgan ma’lumotlar faqatgina tanishtiruv maqsadida taqdim etilgan.


Olimjon Obidov — JIDU va Janubiy Koreyaning Ajou universitetida tahsil olgan. “Das Team” konsalting firmasi hammuassisi hamda menejeri va “Te Amo Travel” loyihasi asoschisi. U Spot’ga biznesni yo’lga qo’yishda duch kelgan qiyinchiliklari, raqobat va kelgusidagi rejalar haqida so’zlab berdi.


G’oya qanday paydo bo’ldi

“Das Team” ning yaralish tarixi universitetdagi talabalik davrimga borib taqaladi. O’qib yurgan kezlarim juda ko’p tabdirlar va rasmiy uchrashuvlarning tashkilotchisi bo’lganman. Koreya davlatida almashinuv dasturi asosida o’qishim dunyoqarashim yanada o’zgarishiga sabab bo’ldi. Dunyo madaniyatlari va ularning o’ziga xosliklarini o’z ko’zim bilan ko’rish va u yerda O’zbekiston haqida so’zlab berish fikri borgan sari kuchayib bordi.

JIDU’da ikkinchi til sifatida nemis tili o’qiganman, Ma’lum bir sabablarga ko’ra, magistraturani davom ettirish imkoni bo’lmagan. Universitet orqali nemis tili bilan “Work and Travel” lohiyasiga qatnashib bo’lmas edi. Bu holatni o’zgartirish va boshqalarga yordam berish maqsadida konsalting firmasi ochishga qaror qildik.

Foto: Shaxsiy arxivdan. Beykoz universiteti vakillari bilan uchrashuv

Hamta’sischilar menga yaqin insonlar bo’lishgan. Ularning ko’magida rejalarni tuzish va amalga oshirish qiyin kechmadi. Tashkilotchilik qobiliyati biznes boshlashda va muzokaralar olib borishga juda qo’l keldi. Bunday faol hayot tarziga o’rganib qolgan inson uchun davlat idorasida ishlash biroz zerikarli bo’ladi. Konsalting firma orqali faollik va biznesni birlashtiruvchi omilni ko’ra olganim asosiy yutug’im deb o’ylayman.

“Davlat inshootidan ijaraga xona olganimiz uchun boshlang’ich xarajatlar ko’p bo’lmagan. Ijara uchun $200 to’lar edik. Ofisdagi mebellar davlatga tegishl edi, ishni yurg’izish uchun shaxsiy noutbuk va kompyuterlardan foydalanganmiz”.

O’qish davrida mavsumiy sayohatlar uyushtirish odatimiz (hobbi) ga ham biznes g’oya sifatida yondashib, uzoq vaqt o’tmasdan “Te Amo Travel” turagentligini ham ochdik.

Karantin va biznes

2019-yilning noyabr oyida rasman ish faoliyatini boshlaganmiz. Keyingi oyning o’zidayoq foyda ko’rdik. Ish ko’lami kengaygani sayin texnikaga extiyot va xodimlar soni ham oshib boraverdi. Kattaroq va qulayroq ofisga ko’chdik. 2020-yilning mart oyida hisob-kitoblarimiz bo’yicha bizning hisob raqamimizga kattagina miqdorda mablag' kelib tushishi kerak edi. Ammo karantin e’lon qilinib, chet el bilan aloqasi bor bo’lgan biznes sohalari katta qiyinchiliklarga duch keldi. Shu qatorda biz ham.

Daromadimiz kamayib ketgani bois, ijara va boshqa xarajatlarni qoplash maqsadida boshqa kichikroq ofisga ko’chib o’tdik. Xodimlarimiz birin-ketin ishdan bo’shab ketishdi. Vaziyat yumshagunga qadar shu yo’sinda ishladik. Ammo karantin paytida ham chet elga talaba sifatida jo’natgan mijozlarimiz soni talaygina.

Biz chet el universitetlari bilan to’g’ridan-to'g'ri muzokara olib boramiz. Asosiy e’tiborimiz Polsha, Fransiya, Turkiya, Germaniya kabi davlatlarga qaratilgan.

“2021-yildan boshlab vaziyat yaxshilandi va biz yana yangi ofisga ko’chdik. Oylik xarajatlar o’rtacha $3000 ni tashkil etadi. Xodimlar uchun ijtimoiy yordam firma hisobidan taqdim etiladi”.

Foto: Shaxsiy arxivdan.

Targ’ibot haqida

Biznesning rivojida reklama muhim o’rin egallaydi. Ammo undan keladigan natija doim siz kutgandek bo’lmaydi. Hozirda hammada ijtimoiy tarmoqlar faol ishlamoqda. Ikkita loyihamizning ham Instagram, Facebook (Meta) va Telegramda sahifalari mavjud.

“Te Amo travel” ning instagram sahifasi yuritilmyotgan bo’lsada, firmaning o’zi faoliyat ko’rsatishdan to’xtagani yo’q. Postlar va kerakli matnlarni joylash, videomontaj ishlari bilan hozircha o’zim shug’ullanaman.

“Das Team” konsalting uchun esa saytni talabalik paytlarim yaratgan loyihamga biroz o’zgartirishlar kiritish orqali ishga tushirganmiz.

Foto: Shaxsiy arxivdan. Afg’oniston vakillari bilan uchrashuv

SMM menejer, targetolog kabi zamonaviy kasb egalari bilan suhbat olib bormoqdamiz. Mart oyidan boshlab ijtimoiy tarmoqlarda faollikni oshirishni reja qilyapmiz.

Raqobat

Bizning to’g’ridan-to'g'ri raqobatchilarimiz yo’q, bilvosita raqobatchilar bozorda mavjud bo’lgan barcha konsalting firmalardir. To’g’ri, hozirda ularning soni juda ko’payib ketgan,ammo xizmat ko’rsatish sohasidagi eng nozik jihat bu — mijoz ishonchi.

Barcha biznesni ochishdan ko’zlangan maqsad foyda olish. Lekin to’liq ma’lumotga ega emaslik yoki mijozni aldab daromad olish ortidan firma faoliyati eng uzog’i bir yilgacha davom etadi.

Mana shu kamchilikka yo’l qo’ymasligimiz bizning o’ziga xos tomonimizdir. Mijozlarga qo’limizdan kelgan barcha xizmatni ko’rsatamiz va bu uchun ikkala tomonga qulay bo’lgan narxlarda faoliyat olib boramiz.

Foto: Shaxsiy arxivdan.

Rejalar. Loyihalarning rivoji uchun katta saloyihat va imkoniyatlar mavjud. Karantin paytida qo’shimcha daromad topish va boshqa loyihalarni “qutqarish” maqsadida Turkiya va Yevropaning bir nechta kompaniyalariga ishga kirganman. Hozirda ham bu ishlarni davom ettirmoqdaman. Yetarlicha e’tibor qarata olmayotganligim sababli firmaning rivoji sekinlik bilan amalga oshmoqda.

Pandemiya omilini hisobga olmasak 2022-yil barcha servis sohasi uchun unumli bo’lishi taxmin qilinmoqda. Yangi universitetlar, yangi loyihalar ustida ish borishni reja qilmoqdamiz.

Asosiy ishlovchi davlatlarimiz safini kengaytirish niyatidamiz. Shuningdek, Germaniya va Turkiyadagi ta’lim jarayoniga bog’liq boshqa imkoniyatlarni o’z mijozlarimizga taqdim etishni rejalashtirmoqdamiz.