Ijtimoiy tarmoqlarda oʻzbek soʻmining muomalaga kiritilganining 20 yilligi munosabati bilan 20 soʻmlik kupyura chiqarilgani haqida video tarqaldi.

Markaziy bankning xabar berishicha, 20 raqami tushirilgan namuna Markaziy bank tomonidan muomalaga chiqarilgan pul belgisi hisoblanmaydi.

Videodagi namuna Markaziy bank tomonidan emas, balki “Davlat belgisi” korxonasi tomonidan 2014-yilda yubiley sana munosabati bilan korxonaning reklama mahsuloti (suvenir) sifatida chiqarilgan.

Bu banknot hech qanday qiymat oʻlchoviga ega emas (unda soʻm yozuvi qayd etilmagan), muomala va toʻlov vositasi sifatida foydalanishga moʻljallanmagan.


Maʼlumot uchun: dunyodagi barcha banknot chop etuvchi kompaniyalar tomonidan yangi himoya elementlari joriy etilganligi yoki boshqa ishlab chiqarish yangiliklari bilan tanishtirish maqsadida, biror yubiley sana yoki kompaniya faoliyatiga aloqador voqeaga bagʻishlab faqat raqam qoʻyilgan, valyuta nomi qayd etilmagan banknotlar chop etib boriladi va ular korxona faoliyatini reklamasi uchun moʻljallangan boʻladi.