Spot avval yozganidek, Shavkat Mirziyoyev 14-fevral kuni avtomobilsozlik boʻyicha yigʻilish oʻtkazgandi. Unga koʻra, u avtomobillar importi boʻyicha bojlarni 2 barobarga kamaytirish boʻyicha topshiriq berildi.
Uchrashuv epizodlari “Oʻzbekiston 24” telekanalining “Menimcha” koʻrsatuvida oʻrin olgan boʻlib, undan maʼlum boʻlishicha, davlat rahbari chet el avtomobillari uchun toʻlovlarni toʻliq olib tashlashni taklif qilgan.
“Asta-sekin bu bojxona toʻlovlarini nolga tushirish kerak. Raqobat, arzon va sifatli [mashinalar] boʻlishi kerak”, dedi prezident.
Koʻrsatuv boshlovchisi Xayrulla Nuriddinov ham nega endi avtomobil importi uchun toʻlov stavkalari bunchalik yuqori boʻlayotganiga qiziqdi. Ular tufayli xorij avtomobillari haqiqatda 2−3 barobar qimmatlashmoqda, dedi u.
“Oʻzavtosanoat” rahbari Shavkat Umurzoqov korrupsiyaga qarshi kurashish chora-tadbirlari toʻgʻrisida maʼlumot berdi. Xususan, shartnomada avtomobilning VIN raqami koʻrsatiladi va maʼlumotlar avtomatik ravishda SBDD maʼlumotlar bazasiga kiradi. Qaror navbatlardan xalos boʻlish imkonini beradi, dedi u.
Bundan tashqari, prezident 1-mayga qadar oldindan toʻlovni avtomobil narxining 50%igacha kamaytirish, shuningdek, ishlab chiqarishni koʻpaytirish va navbatlar muammosini hal etish boʻyicha topshiriq berdi.
“Oddiy ishchi, oddiy fuqaro mehnat qilib topgan pulini bir yillik aylanmasiga avtomobil sanoatiga bersa, bu adolatsizlik”, dedi Shavkat Mirziyoyev.
Avtomobil sanoatini yanada rivojlantirish uchun muhandislar, ishlab chiqaruvchilar, materiallar va ehtiyot qismlar yetkazib beruvchilar, dilerlar va xizmatlar yagona klasterga birlashtiriladi.
Yigʻilish soʻnggida davlatimiz rahbari aholining mamnunligi ishning asosiy natijasi boʻlishi kerakligini taʼkidladi.