Spot avval yozganidek, ayni paytda “Oʻzsanoatqurilishbank” xususiylashtirish jarayonida boʻlib turibdi. Bu 2023-yilgacha bosqichma-bosqich amalga oshiriladi. Dastlab Xalqaro moliya korporatsiyasi ishtirok etadigan transformatsiya, soʻngra davlat aksiyalari paketini sotish rejalashtirilgan.
Oʻtgan yili bank birinchi bosqichning borishi haqida hisobot bergan edi. Filiallar tuzilmasi oʻzgardi, anderrayting (bank xodimlari ishtirokisiz kredit operatsiyalari) joriy etildi, biznes jarayonlarini optimallashtirish boshlandi.
Keyinroq Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki “Oʻzsanoatqurilishbank” aksiyadoriga aylanishi maʼlum boʻldi. Muassasa $50 mln ga kredit liniyasi ochadi, keyinchalik u ustav kapitaliga aylantirilib, uning aksiyalar paketini tashkil qiladi.
“Oʻzsanoatqurilishbank” asosiy boʻlmagan, foydalanilmayotgan aktivlardan qutula boshladi. Bu Vazirlar Mahkamasining 18-fevraldagi qarorida keltirilgan. Gap 14 ta obyekt haqida ketmoqda: 3 tasi Toshkent shahrida, 11 tasi Jizzax viloyatida joylashgan. Bular 11 ta noturar bino, Yangiyoʻl va Qibray tumanlaridagi 2 ta parrandachilik fabrikasi, shuningdek, Arnasoy tumanidagi istirohat bogʻi hisoblanadi.
Bank ularni Davlat aktivlarini boshqarish agentligiga bepul — qoldiq (balans) qiymatida oʻtkazadi. Keyin Davaktiv mulklarni ochiq auksion savdosida sotadi. Bunday holda, bank ularni amalga oshirishgacha boʻlgan barcha xarajatlarni qoplashi kerak.
Bundan tashqari, “Oʻzsanoatqurilishbank” xodimlari Sber Universitetiga oʻqish va malaka oshirishga yuboriladi. Tegishli kelishuvga Shavkat Mirziyoyevning oʻtgan yilning noyabr oyida Rossiyaga tashrifi chogʻida erishilgan edi. Istisno tariqasida, bank Rossiya taʼlim muassasalari, biznes va boshqaruv maktablari, shuningdek, Rossiya banklarining korporativ oʻquv markazlari bilan toʻgʻridan-toʻgʻri shartnomalar tuzishga ruxsat berildi, bunda yuqori va masʼul xodimlarni xalqaro standartlarga muvofiq tayyorlash maqsad qilingan.