Oʻzbekiston investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Sardor Umrzoqov Tehron shahrida Eron prezidenti Ibrohim Raisiy bilan uchrashdi.
Tomonlar savdo-iqtisodiy, ilmiy-texnikaviy hamkorlik boʻyicha Oʻzbekiston-Eron hukumatlararo komissiyasining boʻlajak 14-yigʻilishi doirasida bir qator yangi investitsiyaviy loyihalarni amalga oshirish boʻyicha bitimlar imzolanishi rejalashtirilayotganini maʼlum qildi.
Oʻzbekiston va Eron oʻrtasida agrosanoat, suv resurslarini boshqarish, qurilish materiallari ishlab chiqarish, qora metallurgiya, mashinasozlik, yengil sanoat va tibbiyot sohasidagi hamkorlikning ustuvor yoʻnalishlari belgilandi.
Maxsus iqtisodiy zonalar, xususan, “Chabahor”, “Aras” (Eron) hamda “Navoiy” va “Angren” (Oʻzbekiston) EIZ subyektlari oʻrtasida sanoat kooperatsiyasini yoʻlga qoʻyish istiqbollari alohida taʼkidlandi. Yuqorida qayd etilgan tarmoqlarda aniq investitsiyaviy loyihalarni tayyorlash va tasdiqlash hamda ikki mamlakatning manfaatdor tadbirkorlari orasidan loyihalar tashabbuskorlarini aniqlash boʻyicha birgalikda ish olib borish toʻgʻrisida kelishuvga erishildi.
Oʻzbekiston idoralararo delegatsiyasining joriy yil yanvar oyida Eronga tashrifi chogʻida transport yoʻlaklarini rivojlantirish hamda ikki davlat hududlari orqali tovarlar tranzitini oshirish yoʻnalishida kelishuvlarga erishildi va hamkorlik toʻgʻrisidagi bir qator muhim bitimlar imzolandi.