Prezident qaroriga koʻra, 2022-yil yakunigacha sinov tariqasida Mirzo Ulugʻbek va Yunusobod (Toshkent shahri) hamda Qibray va Toshkent tumanlari (Toshkent viloyati)da oʻzboshimchalik bilan egallangan yer uchastkalarini hamda noqonuniy bino va inshootlarni kosmik suratlarni qayta ishlash orqali aniqlash choralari koʻriladi.
Mahalliy vakillik va ijroiya hokimiyati organlarining yer uchastkalari berish haqidagi qarorlari quyidagi grafik asosida xatlovdan oʻtkaziladi:
- 2022-yil 1-maygacha — 2016−2021-yillarda qabul qilingan qarorlar;
- 2022-yil 1-avgustgacha — 2006−2015-yillarda qabul qilingan qarorlar;
- 2023-yil 1-yanvargacha — 2006-yilgacha qabul qilingan qarorlar.
Qishloq xoʻjaligi vazirligi ekin yerlaridan oqilona va samarali foydalanilishi, rejadagi ekinlarning ekilishi va parvarishlanishi ahvoli boʻyicha har chorakda kamida bir marotaba monitoring oʻtkazadi.
Kadastr agentligi barcha turdagi yer uchastkalari hamda bino-inshootlarga boʻlgan huquqlarni davlat roʻyxatidan oʻtkazmaslik holatlarini aniqlash, yer uchastkalarining oʻzboshimchalik bilan egallab olinishiga va chegaralarini oʻzboshimchalik bilan oʻzgartirishga yoʻl qoʻymaslik choralarini koʻradi.
Ichki ishlar vazirligi Tezkor-qidiruv departamentida Yer resurslari talon-toroj qilinishiga qarshi kurashish boʻlimi, hududiy tezkor-qidiruv xizmatlarida esa Yer resurslari talon-toroj qilinishiga qarshi kurashish boʻlinmalari tashkil etildi.
Avvalroq tomorqa yer egalari bilan kooperatsiya asosida ish tashkil etgan tadbirkorlarga subsidiya berilishi haqida xabar berilgandi.