Hukumat qarori bilan Maxsus elektron tizim orqali ayrim faoliyat turlarini litsenziyalash tartibi to‘g‘risida yagona nizom tasdiqlandi.
Nizomga ko‘ra, litsenziya olish talab qilinadigan 28 ta faoliyat (jumladan, nodavlat ta’lim xizmatlarini ko‘rsatish, moddiy madaniy merosning ko‘chmas mulk ob’ektlarini asrash, turizm faoliyati, Xususiy bandlik agentliklarining O‘zbekistondan tashqarida ish qidirayotgan shaxslarni ishga joylashtirish bo‘yicha faoliyat, dori vositalari va tibbiy buyumlarni chakana realizatsiya qilish va boshqa faoliyatlar) “Litsenziya” axborot tizimi yoki Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (my.gov.uz) orqali litsenziyalanadi.
Talabgor litsenziya olish uchun ariza va unga ilova qilinadigan hujjatlarni “Litsenziya” AT yoki YAIDXP orqali elektron shaklda yuboradi.
Arizalar “Litsenziya” AT yoki YAIDXP orqali dam olish va bayram kunlaridan qati nazar har kuni 24 soat davomida yuborilishi mumkin.
Arizaga kiritilgan ma’lumotlar “Litsenziya” AT orqali idoralararo hamkorlik tizimlarida mavjud ma’lumotlar asosida dastlabki tarzda avtomatik ravishda taqqoslanadi va tekshiriladi.
Yig‘im to‘langanidan so‘ng ariza va unga ilova qilingan hujjatlar “Litsenziya” AT yoki YAIDXP orqali avtomatik tarzda litsenziyalovchi organga yuboriladi.
Litsenziyalovchi organ litsenziya berish yoki litsenziya berishni rad etish to‘g‘risidagi qarorni “Litsenziya” AT orqali qabul qiladi.
Qaror “Litsenziya” AT orqali real vaqt rejimida avtomatik tarzda talabgorning shaxsiy kabinetiga yuboriladi.
Litsenziyalovchi organ arizani o‘z muddatida ko‘rib chiqib talabgorga litsenziya berish yoki uni berishni rad etish to‘g‘risida qaror qabul qilmasa, talabgor bu haqida litsenziyalovchi organni “Litsenziya” AT yoki YAIDXP orqali elektron shaklda xabardor qilgan holda litsenziyalanadigan faoliyatni amalga oshirish huquqiga ega bo‘ladi.
Litsenziya berishni rad etish uchun quyidagilar asos bo‘ladi:
- litsenziya berilishi uchun zarur bo‘lgan hujjatlarning talabgor tomonidan to‘liq taqdim etilmaganligi;
- talabgorning litsenziya talablari va shartlariga muvofiq emasligi;
- talabgor tomonidan taqdim etilgan hujjatlarda yolg‘on yoki noto‘g‘ri ma’lumotlarning mavjudligi;
- o‘rganishlar, tadqiqotlar, tekshirishlar yoki boshqa ilmiy va texnik baholashlarning yakunlari bo‘yicha asoslangan salbiy xulosa olinganligi.
Boshqa asoslarga ko‘ra, shu jumladan, litsenziya berish maqsadga muvofiq emas degan vaj bilan litsenziya berishni rad etishga yo‘l qo‘yilmaydi.
Mazkur qaror 2022-yil 1-martdan kuchga kiradi.